Zaryadlash tarmoqlari sanoatining rivojlanishi endigina yangi davrga qadam qo‘ymoqda va kelajakdagi imkoniyatlar uchun katta salohiyatni ochib bermoqda. Yuk avtomobillarining elektrlashtirilishi katta ijtimoiy ahamiyat kasb etadi hamda transport energetikasida tub burilish yasaydi. Tijorat transport vositalari doimiy tok zaryadlash infratuzilmasiga bo‘lgan talabning asosiy omiliga aylanadi. Kelgusi o‘n yillikda zaryadlash tarmoqlari sanoati yangi qiyinchiliklarga duch kelgan holda jadal o‘sishda davom etadi va shu bilan birga muhim imkoniyatlarni ham ochadi.
Huawei kompaniyasi 2026 yil uchun zaryadlash tarmoqlari sanoatining Top-10 texnologik trendlarini taqdim etdi.
1-trend: Yuqori sifatli rivojlanish
“Yuqori sifat” o‘ta tezkor zaryadlash infratuzilmasi uchun majburiy talabga aylandi. Bu esa yengil avtomobillardan tortib tijorat transportigacha bo‘lgan turli transport vositalarining energiya ehtiyojlarini qondirish maqsadida eskirgan zaryadlash qurilmalarini keng ko‘lamda modernizatsiya qilishga olib kelmoqda. Yuqori sifatli yechimlar “o‘ta tezkor zaryadlash shaharlari”dan “megavattli zaryadlash shaharlari”gacha kengayadi. Bunga yagona rejalashtirish, standartlashtirish, nazorat va ekspluatatsiya orqali erishiladi hamda bu soha hamkorlariga yuqori sifatni yuqori daromadga aylantirish imkonini beradi.
2-trend: Kompleks o‘ta tezkor zaryadlash
Ilgari premium toifaga mansub bo‘lgan o‘ta tezkor zaryadlashni qo‘llab-quvvatlovchi avtomobillar endilikda keng omma tomonidan talab qilinadi. Uchinchi avlod kuch yarimo‘tkazgich materiallari hamda yuqori zaryad qabul qilish ko‘rsatkichiga (C-rate) ega tortish batareyalarining keng qo‘llanilishi o‘ta tezkor zaryadlashga ega avtomobillarning bozor ulushini yanada oshiradi. Bozorda megavattli zaryadlashni qo‘llab-quvvatlovchi tijorat transport vositalari yetakchi o‘rinni egallaydi.

3-trend: Megavatt miqyosidagi logistika elektrifikatsiyasi
“Toki yoqilg‘idan elektr energiyasi ishlab chiqarish” modelidan tijorat maqsadlarida to‘g‘ridan-to‘g‘ri elektr energiyasidan foydalanishga o‘tish og‘ir yuk avtomobillarining qo‘llanilish doirasini tez kengaytiradi. Ular cheklangan, yopiq sohalardan chiqib, barcha ssenariylarda keng qo‘llanila boshlaydi. Tortish batareyalari narxining pasayishi va megavattli zaryadlash texnologiyalaridagi innovatsiyalar logistikaning megavatt miqyosida elektrifikatsiyasini to‘xtatib bo‘lmaydigan tendensiyaga aylantiradi hamda sezilarli iqtisodiy va ijtimoiy foyda keltiradi.
4-trend: Yuzlab megavatt quvvatga ega elektr stansiyalari
Logistika sohasining elektrifikatsiyasi kuchayib borayotgan sharoitda 100 MVt quvvatli zaryadlash stansiyalari yuqori samaradorlikka ega operatsiyalar uchun muhim infratuzilmaga aylanadi.
Texnologik ustunliklar, raqobatbardosh elektr energiyasi narxlari va kengaytiriladigan joriy etish imkoniyatlari kuchli klaster effektini yuzaga keltirib, zaryadlash stansiyalariga kiritilgan investitsiyalarning uzoq muddatli barqaror rentabelligini ta’minlaydi.
5-trend: Xavfsizlik va ishonchlilik
Yengil avtomobillarga nisbatan tijorat transporti yuqori quvvatli zaryadlashni hamda zaryadlash stansiyalarida energiya saqlash tizimi (ESS) sig‘imining katta ulushini talab qiladi. Shu bois xavfsizlik va ishonchlilik zaryadlash tarmoqlari uchun asosiy talabga aylanadi. Elektr uskunalarini kompleks himoya qilish arxitekturasi va mustahkam kiberxavfsizlik bazasi bilan kuchaytirilgan tizimlar insonlar, transport vositalari va zaryadlash qurilmalarining uzluksiz himoyasini ta’minlaydi.

6-trend: Suyuqlik bilan sovitish va o‘ta tezkor zaryadlash
O‘ta tezkor zaryadlash uchun suyuqlik bilan sovitish texnologiyasi issiqlikni samarali tarqatish va himoyani ta’minlab, tobora kengayib borayotgan zaryadlash ssenariylarida ishonchli ishlashni kafolatlaydi. An’anaviy havo bilan sovitish tizimlari esa yuqori harorat, namlik, tuzli tuman va kuchli chang kabi murakkab sharoitlarda qiyinchiliklarga duch keladi. Kelajakda suyuqlik bilan sovitish texnologiyasi avtomobillar va zaryadlash qurilmalarida keng qo‘llanilib, megavattli samarali zaryadlashni ta’minlaydi hamda transport vositalarining umumiy tannarxini pasaytirishga xizmat qiladi.
7-trend: ESS energiya saqlash tizimi + doimiy tok asosidagi zaryadlash qurilmasi
ESS energiya saqlash tizimi va doimiy tok asosidagi zaryadlash qurilmasining integratsiyasi quvvatni samarali oshirish imkonini beradi. Bu esa mijozlarga hatto elektr ta’minoti cheklangan hududlarda ham o‘ta tezkor zaryadlash stansiyalarini tez va iqtisodiy jihatdan samarali tarzda joriy etishga yordam beradi. Mazkur tizim past quvvatli, eskirgan stansiyalarni modernizatsiya qilish uchun ayniqsa mos keladi. U minimal tarmoq elektr energiyasi iste’moli bilan mavjud stansiyalarni tezda qayta ixtisoslashtirish yoki yangi o‘ta tezkor zaryadlash stansiyalarini ishga tushirish imkonini beradi hamda transport vositalarining zaryadlash ehtiyojlarini maksimal darajada qondiradi.

8-trend: Stansiyalarni modulli qurish
Stansiyalar uchun modulli yechim muhandislik-qurilish ishlari va uskunalarni ishga tushirish jarayonlari uchun mo‘ljallangan bo‘lib, turli zaryadlash ssenariylariga moslashadi. Past xarajat, tez o‘rnatish va oson ko‘chirish imkoniyati uni moslashuvchan tanlovga aylantiradi, mustahkam konstruksiya esa investorlar uchun uzoq muddatli qiymat va himoyani kafolatlaydi.
9-trend: Kampus mikrotarmoqlari
Fotoelektr tizimi va energiya saqlash qurilmasi asosida shakllantirilgan energiya tarmog‘i suyuqlik bilan sovitiladigan o‘ta tezkor zaryadlash texnologiyasini integratsiya qiladi hamda tarmoq rejimida yoki avtonom tarzda ishlashi mumkin. Bu “fotoelektr tizimi + ESS energiya saqlash tizimi + zaryadlash qurilmasi + transport vositasi + tarmoq” ko‘rinishidagi kompleks yechimni yaratadi. Mazkur model quvvatni oshiradi, ekologik toza energiyadan maksimal foydalanishni ta’minlaydi va kunning turli vaqtlaridagi tarif farqidan (energiya arbitraji) foydalangan holda daromadlilikni oshiradi.
10-trend: Sun’iy intellekt orqali imkoniyatlarni kengaytirish
Zaryadlash tarmoqlarining intellektual evolyutsiyasi tarmoqlar, stansiyalar, zaryadlash qurilmalari va transport vositalari o‘rtasida uzluksiz o‘zaro hamkorlikni ta’minlaydi. Raqamli to‘siqlarni bartaraf etish transport vositalari egalari uchun zaryadlash jarayonini yanada qulay qiladi hamda logistika va tashish samaradorligini umumiy ravishda oshiradi.
Qayta tiklanuvchi energiya manbalarini joriy etish bo‘yicha loyihalarning faol amalga oshirilishi va elektr transport bozorining jadal rivojlanishini inobatga olgan holda, O‘zbekistonda logistika va transport sohalari oldida ham raqamli hamda energiya tejamkor transformatsiya vazifalari turibdi. Uzluksiz va yuqori sifatli o‘ta tezkor zaryadlash tarmoqlarini joriy etish hamda transportni elektrlashtirish imkoniyatlaridan foydalanish orqali ekotizimning barcha hamkorlari uchun O‘zbekistonning barqaror rivojlanishiga xizmat qiladigan katta imkoniyatlar ochilmoqda.
Alpha version: 0.9.1.19 build 22712 | Инструменты