Surxondaryoda paxta ochildi
Surxondaryo viloyati Qumqo'rg'on tumanidagi "Sardor Nuriddinov" fermer xo'jaligi dalalarida paxta o'tgan yillarga nisbatan erta ochildi.
Xo'jalik dehqonlari joriy yil hosili uchun 66,3 gektar maydonda dehqonchilik qilib, hudud iqlimiga mos va ertapishar “Besh qahramon” navli g'o'za nihollarini parvarishladi. Pandemiya sababli karantin tartibi joriy etilgan bu yilgi sharoitda mirishkorlar uning qoidalariga qatiy rioya etgan holda barcha agrotexnik tadbirlarni sifatli amalga oshirdi.
Vaqtida mahalliy va mineral o'g'itlar bilan oziqlantirilib, qayta ishlov berildi. Sharbat usulida sug'orish yo'lga qo'yildi. Sinovli yilda omilkorlik bilan amalga oshirilayotgan ishlar mo'l hosil to'plash barobarida uning erta pishib yetilishida ham muhim omil bo'lmoqda.
Bu yil tumanda 194 fermer xo'jaligi va “Termiz Jayxun MCHJ” paxtachilik klasteri 8 ming gektardan ortiq maydonda “Porloq-1”, “Besh kahramon”, “Surxon-14” navli g'o'za nihollarini parvarishlamoqda. Shuningdek, yig'im-terim mavsumiga ham puhta hozirlik ko'rilmoqda. Shu maqsadda Safar Boymatov nomli paxta qabul qilish punktida 176 ta tirkamali texnika yetishtirilayotgan hosilni yig'ishtirib olish uchun shay qilib qo'yildi.
Alpha version: 0.9.1.19 build 112706 | Инструменты