“Tashabbusli budjet"ning 2023-yil 2-mavsumiga loyihalar kiritish bosqichi o‘z nihoyasiga yetdi.
Mazkur mavsum doirasida respublika bo‘ylab 9 426 ta mahalla infratuzilmasini yaxshilash bilan bog‘liq jami 49 464 ta loyihalar ilgari surildi. Kelib tushgan loyihalar har bir tuman (shahar) hokimliklari qoshida tashkil etilgan ishchi komissiyalar tomonidan qonunchilikda belgilangan tartibda 20 kun davomida saralab olinadi. Saralangan loyihalarga ovoz berish bosqichi 27-avgustdan boshlanadi.
Loyihalarning eng ko‘pi Surxondaryo viloyatida kiritilgan — 12 279 ta. Qolgan viloyatlardan kiritilgan takliflar soni 4 mingtagacha. Shuningdek, respublikadagi eng ko‘p loyiha ichki yo‘llarni ta’mirlash bilan bog‘liq (15 140 ta). Bundan tashqari mahallasi hududini obodonlashtirishni istab portalga taklif yozganlar soni 14,8 mingtadan oshgan.
Ma'lumotga ko'ra, ushbu mavsum uchun tuman (shahar) budjetlari hisobidan 1 trln so‘mdan ortiq mablag‘lar yo‘naltirilishi kutilmoqda.
Eslatib o'tamiz, “Tashabbusli budjet"ning 2023-yil 2-mavsumiga loyihalar kiritish bosqichi 17-iyuldan boshlangan.
Alpha version: 0.9.1.19 build 51103 | Инструменты