O‘zbekistondagi muhim ta’lim loyihalaridan biri – yangi Tashkent Tech texnika universitetini tashkil etish bo‘yicha Tashkiliy qo‘mita yig‘ilishi o‘tkazildi. Bu haqda prezident yordamchisi Saida Mirziyoyeva ma’lum qildi.
Qayd etilishicha, yoshlar o‘rtasida texnik ta’limning nufuzini oshirishga qaratilgan ushbu keng ko‘lamli loyiha O‘zbekiston prezidentining topshirig‘iga muvofiq amalga oshirilmoqda.
«Strategik vazifamiz yuksak xalqaro standartlarga mos yangi avlod universitetini yaratishdir. Biz zamonaviy mehnat bozorining eng yuqori talablariga javob beradigan muhandislar yetishib chiqadigan ekotizimni shakllantiramiz», — deb yozadi Saida Mirziyoyeva.Qayd etilishicha, Tashkent Tech Toshkent davlat texnika universiteti negizida Boston Consulting Group ko‘magida bosqichma-bosqich ishga tushiriladi. Ushbu loyiha jahonning ilg‘or amaliyotlarini sanoat va innovatsion rivojlanish ehtiyojlariga moslashtirgan holda integratsiya qilish imkonini beradi.
«Tashkent Tech shunchaki oliy o‘quv yurti emas, balki O‘zbekistonning texnologik suvereniteti va barqaror industrial o‘sishining harakatlantiruvchi kuchiga aylanadi, deb ishonaman», — deya ta’kidlaydi prezident yordamchisi.
Alpha version: 0.9.1.19 build 51110 | Инструменты