Huawei 1
Tegishli malakaga ega bo‘lmay turib psixologik yordam ko‘rsatganlik uchun javobgarlik belgilanmoqda

Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisida bir guruh deputatlar tomonidan qonunchilik tashabbusi huquqi asosida ishlab chiqilgan — “Aholiga psixologik yordam ko‘rsatish to‘g‘risida”gi qonun loyihasi ikkinchi o‘qishda moddama-modda atroflicha ko‘rib chiqilmoqda.

Ta’kidlanganidek, mazkur hujjat joriy yilning 25-iyun kuni Qonunchilik palatasida birinchi o‘qishda konseptual jihatdan qabul qilingan edi. O‘tgan vaqt davomida qonun loyihasi quyi palataning rasmiy veb-saytida jamoatchilik muhokamasiga qo‘yildi. Shuningdek, deputatlar tomonidan saylov okruglarida o‘tkazilgan uchrashuvlar jarayonida fuqarolar bilan bevosita muhokama qilinib, takliflar olindi.

Mas’ul qo‘mitada, ishchi guruh yig‘ilishlarida qonun loyihasini takomillashtirish yuzasidan deputatlar, jamoatchilik tomonidan, bildirilgan fikr va takliflar atroflicha o‘rganilib, ularning aksariyati qonun loyihasida o‘z aksini topdi.

Qonun loyihasi bilan aholiga psixologik yordam ko‘rsatishning asosiy prinsiplari, vazifalari, turlari, shakllari, standartlari aniq belgilanmoqda. Shuningdek, psixologik yordam ko‘rsatish sohasi ishtirokchilarining huquq va majburiyatlari, bepul psixologik yordam ko‘rsatiladigan shaxslar toifalari, ta’lim tashkilotlarida psixologik yordam ko‘rsatish, ushbu sohada tadqiqot va ilmiy tajribalar o‘tkazish masalalari, psixologik yordam ko‘rsatishni rad etish yoki to‘xtatish asoslari nazarda tutilmoqda. Aholiga psixologik yordam ko‘rsatish sohasidagi professional assotsiatsiyalar faoliyatining huquqiy asoslari yaratilmoqda.

Shu bilan birga, O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksi psixologik yordam ko‘rsatish huquqiga ega bo‘lmagan shaxs tomonidan yoxud aholiga psixologik yordam ko‘rsatish bo‘yicha qonunlarda belgilangan cheklovlarga rioya etmagan holda psixologik yordam ko‘rsatganlik uchun javobgarlikni belgilovchi alohida modda bilan to‘ldirilmoqda.

Majlisda qayd etilganidek, fuqarolar psixologni, psixologik yordam shakli, turi va shart-sharoitlarini mustaqil tanlash, o‘ziga ko‘rsatilgan psixologik yordam shakli, turi va boshqa ma’lumotlar to‘g‘risida hujjatdan ko‘chirma olish va psixogolik yordam ko‘rsatilishi natijasida ma’lum bo‘ladigan shaxsiy ma’lumotlarining sir saqlanishi va boshqa bir qator huquqlari qonun bilan mustahkamlab qo‘yilmoqda. Bu endilikda psixologlarning mas’uliyati oshishi, ularning muntazam o‘z bilimlarini oshirib borishi, natijada fuqarolarga ko‘rsatilayotgan psixologik yordam sifati yaxshilanishiga zamin yaratadi.

Qonun loyihasining qabul qilinishi aholiga psixologik yordam ko‘rsatish sohasining huquqiy poydevori yaratilishiga, fuqarolarning psixologik yordam olishga bo‘lgan ehtiyojini qondirishga, aholini sifatsiz psixologik yordamdan himoya qilish, mamlakatimizda xususiy amaliyot olib borayotgan psixologlar faoliyatini takomillashtirish, malakali psixologlarni qo‘llab-quvvatlashga xizmat qiladi.

Qonun loyihasi deputatlar tomonidan uchinchi o‘qishda qabul qilindi.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 122417 | Инструменты