Tibbiyot sohasida muhim davlat-xususiy sheriklik loyihasi amalga oshirildi
O'tgan vaqt mobaynida davlat-xususiy sheriklikning huquqiy asoslari va uni amaliyotga joriy etishning aniq mexanizmi yaratildi. Chunonchi, davlatimiz rahbarining 2019 yil 16 aprelda “Sog'liqni saqlash sohasida davlat-xususiy sheriklikni rivojlantirish chora-tadbirlari to'g'risida”gi qarori hamda 2019 yil 10 may sanasida esa “Davlat-xususiy sheriklik to'g'risida”gi qonunga ko'ra, yurtimiz hududlarida davlat tibbiyot muassasalarining bo'sh turgan, samarasiz foydalanilayotgan bino va inshootlari negizida davlat-xususiy sheriklik loyihalarini amalga oshirish ishlari boshlab yuborildi.
Shuningdek, tibbiy xizmatlar sifatini xalqaro me'yorlar darajasiga olib chiqish maqsadida davlat tibbiyot muassasalarining ba'zi funksiyalarini xususiy sektor vakillariga berish orqali davlat va xususiy sheriklarning imkoniyatlari birlashtirildi.
— Yaqinda Sog'liqni saqlash vazirligi va “Ipsum Pathology” MCHJ o'rtasida Respublika ixtisoslashtirilgan onkologiya va radiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi Toshkent shahar filialida patomorfologiya tekshiruvlarini tashkil etish bo'yicha davlat-xususiy sheriklik bitimi imzolandi, — deydi Sog'liqni saqlash vazirligi Davlat xususiy sheriklik va tibbiy turizmni rivojlantirish bosh boshqarmasi boshlig'i Kamolxo'ja Eshnazarov. — Bitimga asosan, “Ipsum Pathology” MCHJ 3,5 mlrd. so'm miqdorida investitsiya kiritish orqali onkologik kasalliklarni aniqlashda o'ta muhim bo'lgan patomarfologik laborotoriya tekshirishlarini bugungi bozor narxidan arzon narxlarda, zamonaviy texnologiyalarni joriy qilish orqali xalqaro standartlarga mos ravishda tashkil qilishi belgilab qo'yilgan edi.
Kamolxo'ja Eshnazarovning ta'kidlashicha, loyiha doirasida ishlar boshlab yuborilgan. Avvalo, 15 ta yangi ish o'rni yaratilib, murakkab laborotoriya tahlillari aniqlik bilan sifatli bajarila boshlandi. Ushbu loyihaning ishga tushishi bemorlarda o'tkaziladigan tahlillarni olish muddati avvalgi 7-10 kundan 3-4 kunga qisqartirdi. Bu esa bemorlarning shifoxonada bo'lish davrini deyarli ikki barobarga kamaytirdi.
Bundan tashqari, laboratoriya tahlil natijalarini elektron shaklda saqlash va uzatish, o'ta yuqori aniqlik bilan xulosalar berish imkoniyati paydo bo'ldi. Zarur bo'lganda, nafaqat mahalliy, balki xorijiy davlatlarning malakali shifokorlariga tahlil natijalarini yuborib, maslahatlashish imkoni yaratildi. Bu esa aynan kasallikka to'g'ri tashxis qo'yish va davolashni to'g'ri tanlash uchun qulay sharoit yaratadi. Laboratoriya tahlillari narxi ham boshqa xususiy tibbiyot muassasalariga nisbatan bir necha barobar arzon ekani diqqatga sazovor.
Ushbu loyihaning amalga tatbiq etilishi bemorlarga to'g'ri tashxis qo'yish, samarali davolash, shuningdek, tibbiyot xodimlarining mehnat unumdorligini oshirishda ham muhim ahamiyatga ega bo'ldi.
Ayni kunlarda Samarqand, Qashqadaryo, Xorazm, Surxondaryo viloyatlari hamda Qoraqalpog'iston Respublikasida ham davlat-xususiy sheriklik loyihalari amalga oshirilmoqda. Ularda zamonaviy davolash va diagnostika markazlarini tashkil etish, stomatologiya va reabilitatsiya, laboratoriya va gemodializ xizmatlarini rivojlantirish ko'zda tutilgan.
Alpha version: 0.9.1.19 build 82823 | Инструменты