O‘zbekiston tashabbusi bilan 2025 yil 26 avgust kuni Toshkentda Markaziy Osiyo davlatlarining Afg‘oniston bo‘yicha maxsus vakillarining ilk uchrashuvi bo‘lib o‘tdi. Majlisda O‘zbekiston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston va Tojikiston vakillari ishtirok etdi. Bu haqda Tashqi ishlar vazirligi xabar berdi.
Ta’kidlanishicha, aloqa guruhi Markaziy Osiyo mamlakatlari uchun umumiy qiziqish uyg‘otuvchi masalalar yuzasidan muntazam va maqsadli muloqot olib boruvchi mustaqil mintaqaviy platforma sifatida qaralmoqda.
Uchrashuvda Markaziy Osiyo va Afg‘onistonning geostrategik o‘rni, tarixiy jihatdan bog‘liq madaniy va iqtisodiy makon, shuningdek, Yevrosiyoda barqarorlik, xavfsizlik va barqaror rivojlanishni ta’minlashga bo‘lgan umumiy manfaatlar inobatga olinib, Afg‘oniston masalasiga mustaqil yondashuvni rivojlantirish muhimligi ta’kidlangan.
Tomonlar Afg‘onistondagi vaziyat bo‘yicha umumiy, muvozanatli va realistik yondashuvlarni ishlab chiqishga intilishlarini tasdiqlagan. Markaziy Osiyo va Afg‘oniston o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy, transport-logistika hamda madaniy-gumanitar aloqalarni tiklash va rivojlantirish zarurligi qayd etilgan.
Markaziy Osiyo davlatlari vakillari mintaqa mamlakatlarining milliy manfaatlari va ustuvor yo‘nalishlarini inobatga olgan holda Afg‘onistonning hozirgi amaldagi hokimiyati bilan hamkorlik masalalari yuzasidan fikr almashdi hamda mintaqaviy xavfsizlik sohasida hamkorlikni kengaytirishga qiziqish bildirdi. Bunga transchegaraviy jinoyatchilik, ekstremizm va terrorizmga, shuningdek, narkotik moddalar savdosiga qarshi kurash ham kiradi.
Tomonlar Afg‘onistonning Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishish bo‘yicha mintaqaviy sa’y-harakatlardagi o‘rnini qayd etdilar.
Aloqa guruhining afg‘on masalasi yuzasidan fikr almashish, maslahatlashuvlar o‘tkazish va sa’y-harakatlarni muvofiqlashtirish uchun platforma sifatida barqaror faoliyat yuritishini ta’minlash muhimligiga e’tibor qaratib, mazkur formatda, jumladan, Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining Konsultativ uchrashuvlari doirasida muntazam uchrashuvlarni o‘tkazish maqsadga muvofiqligi haqida kelishib oldilar.
Tomonlar Kontakt guruhining kelgusidagi faoliyati Markaziy Osiyo davlatlarining Afg‘oniston bo‘yicha mintaqaviy kun tartibini shakllantirishda mustaqil va mas’uliyatli rolini mustahkamlashga, shuningdek, butun makroregionning barqaror rivojlanishiga xizmat qilishini alohida ta’kidladi.
Alpha version: 0.9.1.19 build 82814 | Инструменты