Huawei 1
"To‘xtash va to‘xtab turish taqiqlangan" belgilarini o‘rnatish asosliligi qayta ko‘rib chiqiladi

Endilikda “To‘xtash taqiqlangan” va “To‘xtab turish taqiqlangan” yo‘l belgilarining amal qilish vaqtini ko‘rsatuvchi qo‘shimcha axborot belgilari o‘rnatiladi. Bu Prezident topshirig‘iga asosan qabul qilingan hukumat qarorida belgilangan.

Unga ko‘ra, “To‘xtash taqiqlangan” va “To‘xtab turish taqiqlangan” yo‘l belgilarining maqsadga muvofiq o‘rnatilganligi nuqtai nazaridan to‘liq qayta ko‘rib chiqilishi belgilandi.

Zarurat bo‘lmagan joylarda o‘rnatilgan yo‘l belgilari demontaj qilinadi, ularning amal qilish vaqtini ko‘rsatuvchi qo‘shimcha axborot belgilari o‘rnatiladi.

Qaror bilan shu belgilarda ko‘rsatilgan amal qilish vaqtidan tashqari paytda transport vositalarining tegishlicha to‘xtashi hamda to‘xtab turishiga ruxsat berildi. Masalan, “To‘xtab turish taqiqlangan” belgisining tagida amal qilish vaqti soat “7:00 – 21:00” deb ko‘rsatilgan bo‘lsa, transport vositalari ushbu belgi hududida soat 21:00 dan 7:00 ga qadar bemalol to‘xtab turishlari mumkin bo‘ladi.  

Avvalroq, shaharlarda yo‘l ta’mirlash ishlari faqat tunda amalga oshirilishi xabar qilingandi. Jumladan, 1-iyundan boshlab O‘zbekiston shaharlarida avtomobil yo‘llarini ta’mirlash yoki yo‘l chiziqlarini chizish bilan bog‘liq ishlarni soat 07:00 dan 21:00 ga qadar amalga oshirishga yo‘l qo‘yilmaydi.

Radarlar 1 iyundan boshlab yo‘l chizig‘ini bosganlik uchun jarima yozmasligi ham xabar qilingandi.

Shuningdek, endi avtobuslar harakati uchun ajratilgan, ya’ni “A” harfli tasmalarda boshqa transport vositalarining soat 23:00 dan 06:00 ga qadar harakatlanishi qoidabuzarlik hisoblanmaydi.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 51705 | Инструменты