Huawei 1
Toshkent shahri va viloyatidagi 5 ta "metan zapravka"larda 11 mlrd so‘mlik tabiiy gaz o‘g‘irlandi

Joriy yilning 27-iyuldan 5-avgust kunlari davomida “Oʻzenergoinspeksiya” hamda huquqni muhofaza qilish organlari va “Hududgaztaʼminot” AJ xodimlari Toshkent viloyati hamda Toshkent shahrida joylashgan avtomobillarga gaz toʻldirish kompressor shoxobchalari (AGTKSH)da tabiiy gazdan noqonuniy foydalanish holatlarini aniqlash boʻyicha tezkor tadbirlar oʻtkazildi. 

Unda jami 5 ta "metan zapravka"larda 11 mlrd so‘mlik tabiiy gaz o‘g‘irlangani aniqlandi. Jumladan, Toshkent viloyatining Piskent tumanida joylashgan “Kamolot istiqlol koʻmakchisi” MCHJga qarashli 3 ta AGTKSHda gazni hisobga olish uskunasining elektr taʼminoti tizimidan vaqti-vaqti bilan uzib qoʻyish yoʻli bilan isteʼmol qilingan tabiiy gaz hajmining haqiqiy koʻrsatkichlari hisobotlardan yashirib kelinganligi aniqlandi.

Buning natijasida dalolatnoma rasmiylashtirilib, “Kamolot istiqlol koʻmakchisi” MCHJ-1 shoxobchasi tomonidan qiymati 1 mlrd 302 mln 579 ming soʻmlik, MCHJ-2 shoxobchasida qiymati 4 mlrd 623 mln 523 ming soʻmlik va MCHJ-3 shoxobchasida esa 1 mlrd 896 mln 573 ming soʻmlik hajmda tabiiy gazdan noqonuniy foydalanganligi aniqlandi.

Toshkent viloyati, Chinoz tumanida joylashgan “Koshona poydevori” MCHJga qarashli AGTKSHda "AvtoPilot PRO" elektron hisoblagichga oʻrnatilgan bir martalik nazorat tamgʻasi qasddan buzilganligi aniqlandi. Holat yuzasidan tegishli tartibda dalolatnoma rasmiylashtirilib, dastlabki hisob-kitoblarga asosan, 1 mlrd 907 mln 168 ming soʻmlik hajmda tabiiy gazdan noqonuniy foydalanilganligi aniqlandi.

Toshkent shahri, Sergeli tumani, “Qorasuv” MFY, Xonobod koʻchasida joylashgan “Nur Ziyod fayz biznes” MCHJga qarashli AGTKSHda “AvtoPilot PRO” rusumli gaz hisobdoni oʻrganilganda, unga tashqi taʼsir koʻrsatilganligi maʼlum boʻldi.

Holat yuzasidan tegishli tartibda dalolatnoma rasmiylashtirilib, dastlabki hisob-kitoblarga asosan, 1 mlrd 324 mln 800 ming soʻmlik hajmda tabiiy gazdan noqonuniy foydalanilganligi aniqlandi. Ushbu hajmdagi tabiiy gaz oʻrtacha 6 mingta xonadonning bir yillik isteʼmolini tashkil qiladi.

Aniqlangan holatlar yuzasidan rasmiylashtirilgan hujjatlar belgilangan tartibda huquqni muhofaza etuvchi organlariga taqdim qilindi. Hozirgi vaqtda tabiiy gazdan noqonuniy foydalanish holatlarini aniqlash boʻyicha tezkor tadbirlar davom etmoqda.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 60903 | Инструменты