Huawei 1
Toshkent viloyatida nashida eshitgani uchun 3 yilga qamalgan yigitning onasi prezidentga va Oliy sudga murojaat yo‘lladi

Avvalroq, Toshkent viloyatida Telegram orqali nashida tarqatgan talaba yigit 3 yilga qamalgani haqida xabar bergan edik

Unga ko'ra, J. U. ga tegishli bo‘lgan iPhone-X rusumli mobil aloqa vositasi xolislar ishtirokida ko‘zdan kechirilgan vaqtda J. U. ning foydalanuvida bo‘lgan telefon raqamiga ochilgan Telegram profili yordamida o‘zbek tilidagi “Shahid bo‘lib ketsak rozi bo‘lingiz” nomli “jihod” va “hijrat”ga da’vat qiluvchi diniy mazmundagi nashidalarni 10 nafar a’zosi bo‘lgan “Alhamdulillah” nomli guruhga tarqatganligi aniqlangan. 

Shu bois J. U. ga tegishli bo‘lgan iPhone-X rusumli mobil aloqa vositasi ashyoviy dalil sifatida xolislar ishtirokida hujjatlashtirilib olingan.

Shundan so'ng, Jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent viloyati Oqqo‘rg‘on tuman sudining 2023-yil 8-maydagi hukmiga ko‘ra J. U.ga Jinoyat kodeksining 244-1-moddasi (jamoat xavfsizligi va jamoat tartibiga tahdid soladigan materiallarni tayyorlash, saqlash, tarqatish yoki namoyish etish) 3-qismi “g” bandi bilan Jinoyat kodeksining 57-moddasi (yengilroq jazo tayinlash) ni qo‘llab, 3 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi.

Jahongir Ulug‘murodovning onasi prezidentga va Oliy sudga murojaat yo‘lladi.

"Men Jahongir Ulug'murodovning onasiman. Oilada o'g'lim eng katta farzandim, bolam unaqa yomon bolamas. Men bolamga ishonaman. Bolam mening g'ururim. Kuz oylari edi. Jahongir ikki hafta oldin "voyenkomat"dan ikkita bola kelib turib, "armiyaga borish kerak" deb aytdi. "O'g'lim institutda o'qiydi", desak, "unda institutdan ma'lumotnoma yozdirib kelinglar" deyishdi.

Men shifokorman, dadasi esa "obodonlashtirish"da ishlaydi. Ikkita odam keldida, "Jahongir sizni o'g'lingizmi?" deb so'radi. "Dala hovlida o'g'rilik bo'lgan deyishdi, sizning o'g'lingiz ham o'sha yerda bo'lgan" dedi. Men esa "meni o'glim unaqa yomon bolamas" dedim. "Mahalladagi hamma Jahongirlarini yig'ib ketyapmiz" deyishdi. Keyin bolamga telefon qildim va borishini aytdim. 

So'ng, qo'shnim kelib, "o'g'liz nima qilganini bilasizmi?" deb so'radi. Men hayron qoldim. "Nashida, nashida" dedi, men uni nimaligini ham bilmayman. Keyin o'g'lim keldi. "Nima u nashidang?" deb so'rasam, "qo'shiq, she'r degani" degan dedi. Lekin bu narsalar taqiqlanganini bilmasdik. "Bu narsa nimaga televideniyelarda ko'rsatilmaydi, taqiqlangan bo'lsa?", - dedi ona. 

"O'g'rilik qildi" deb olib ketib, keyin "nashida" deb aytishdi...

"O'g'rilik qildi" deb olib ketib, keyin "nashida" deb aytishdi. Biz hayron qoldik. Bolam olib ketishgandan keyin telefon qilib, 48 soat ushlab turishar ekan deb aytdi. Shundan keyin o'g'limni ko'rmadim. Sud vaqti ko'rdim o'g'limni. Davlat tarafidan berilgan advokatga 3 mln, sudni o'ziga 3 mln so'm berdim. Advokat menga "o'g'lingizni olib chiqib berolmayman, yilini kamaytirib berishim mumkin" dedi.

Sudya "bu nashidani eshitganmisizlar?" deb savol berganda hammasi "eshitmaganmiz" deb javob berdi.

"Meni dardimni eshitadigan biron-bir odam bormi? Menga yordam beringlar, inson qadri qayerda qoldi? Bolam yordam so'rab, kechirim so'radi, bilmagan ekanman deb. Iltimos, bizga yordam beringlar. Oyinayi jahon orqali adolat haqida ko'p gapiriladi, agar rostan adolat bo'lsa, prezidentdan, IIO xodimlaridan yordam so'rayman. Bu imkoniyat faqat o'g'lim uchun emas, men uchun ham bo'ladi", - deya so'zini yakunladi ona. 

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 51412 | Инструменты