Ijtimoiy tarmoqlarda Bog‘ot tumanidagi uylardan biriga asteroid tushgani haqida xabarlar tarqaldi. Xorazm viloyati Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi holat yuzasidan rasmiy bayonot berdi.
Ma’lum qilinishicha, 12 may kuni soat 3:39 da Xorazm viloyati FVBga Bog‘ot tumani Yuksalish mahallasidagi uy dahlizining taxminan 10 kv m tom qismi qulagani to‘g‘risida xabar kelib tushgan.
«Mazkur holat yuzasidan ijtimoiy tarmoqlarda turli asossiz va haqiqatga to‘g‘ri kelmaydigan ma’lumotlar, xususan, hodisa joyiga asteroid tushgani haqida noto‘g‘ri xabarlar tarqalmoqda», deyiladi boshqarma bayonotida.
Qo‘shimcha qilinishicha, hodisa sodir bo‘lgan manzilda IIB hamda FVBning maxsus laboratoriya xizmatlari tomonidan o‘rganish ishlari olib borilgan. O‘rganishlar davomida hodisa joyida hech qanday fazo jismlari yoki portlash xususiyatiga ega moslamalarning qoldiqlari aniqlanmagan.
Shuningdek, o‘rganishlarda xonadonda 2 ta propan gaz balloni borligi ma’lum bo‘lgan.
Qayd etilishicha, hozirda hodisa yuzasidan tergovga qadar surishtiruv ishlari olib borilmoqda. Hodisaning kelib chiqish sababini aniqlash maqsadida maxsus ekspertiza tayinlangan. Ekspertiza xulosasiga asosan qo‘shimcha ma’lumotlar berilishi bildirildi.
Alpha version: 0.9.1.19 build 51414 | Инструменты