Huawei 1
Toshkent viloyatida "Usmon ota" jome masjidi foydalanishga topshirildi

Bugun, 2-avgust kuni Toshkent viloyati O‘rta Chirchiq tumanidagi "Usmon ota" jome masjidining yangi binosi ochilishiga bag‘ishlangan marosim bo‘lib o‘tdi. Unda O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Nuriddin domla Xoliqnazarov hamda Toshkent viloyati bosh imom-xatibi Jasurbek domla Raupov ishtirok etdi.

Bu haqda musulmonlar idorasi Toshkent viloyati vakilligi matbuot xizmati xabar berdi

Masjidning “Usmon ota” deb atalishiga sabab shuki, qadimda ushbu maskanda Usmon ota degan avliyo kishi yashab, hududning obod bo‘lishiga juda katta hissa qo‘shgan.

Masjid “Aranchi”, “Yomg‘irchi”, “Oqqutay”, “Kuchlik” va Usmon ota nomidagi mahallarning 12 mingdan ziyod aholisiga xizmat qiladi.

Uch yuz kishilik eski masjid binosi namozxonlarga torlik qilib qolgan edi. Shuni inobatga olib, rahbariyat roziligi bilan masjidning yangi binosini qurishga 2020 yil mart oyida kirishilgan edi. Ikki yilda hududda go‘zal jome barpo etildi.

Yangi masjid yerto‘lasi bilan qo‘shib hisoblaganda ikki qavat bo‘lib, bu yerda bir vaqtning o‘zida 2 ming kishi namoz o‘qishi mumkin. Jomening 50 metrlik minorasi yo‘lovchilar uchun mayoq vazifasini o‘taydi. Kutubxona, ma’muriyat xonalari esa namozxonlar va mehmonlarning ma’naviyatini va ma’rifatini yuksaltirishga xizmat qiladi.

Yangi masjidga mos tarzda 30 kishiga mo‘ljallangan zamonaviy tahoratxona ham foydalanishga topshirildi.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga