20-mart kuni poytaxtning Sergeli tumani Fayzli ko‘chasi bo‘ylab 170−180 km/soat tezlikda harakatlanib, bu holat aks etgan videoni internetga joylashtirgan ikki haydovchi ma’muriy javobgarlikka tortildi. Bu haqda Toshkent shahri IIBB YHXB matbuot xizmati ma’lum qildi.
"Tahoe (01X080KB) haydovchisi — 1998-yilda tug‘ilgan Ahror va BYD Song Plus (01U081DC) haydovchisi — 1989-yilda tug‘ilgan Sirojiddin o‘zi va o‘zgalarning hayotini xavf ostiga qo‘ygan", — deyiladi xabarda.
Ularga nisbatan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 128-3-moddasiga asosan ma’muriy huquqbuzarliklar to‘g‘risida bayonnomalar rasmiylashtirilgan. Ushbu moddaga ko‘ra, belgilangan tezlikni (shaharda 60 km/soat) 40 km/soatdan ortiq oshirib haydash bazaviy hisoblash miqdorining 9 baravari miqdorida jarimaga sabab bo‘ladi.
Shuningdek, haydovchilar bilan "profilaktik suhbat" o‘tkazilgan.
Alpha version: 0.9.1.19 build 122510 | Инструменты