Ijtimoiy tarmoqlarda fuqaro avtomashina oynasidan mushukni yo‘lning qatnov qismiga uloqtirganligi aks etgan video tarqalib, turli muhokamalarga sabab bo‘lmoqda. Mazkur holat yuzasidan Toshkent shahar IIBB Matbuot xizmati maʼlumot berdi.
Qayd etilishicha, joriy yilning 15 iyun kuni Mirobod tumani hududida 1986 yilda tug‘ilgan Z.X. Nexia oynasidan mushukni yo‘lning qatnov qismiga uloqtirib, harakatni davom ettirgan.
Mazkur holat yuzasidan ushbu fuqaroga nisbatan Maʼmuriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 111-moddasi (Hayvonlarga nisbatan shafqatsiz munosabatda bo‘lish) bilan maʼmuriy bayonnoma rasmiylashtirilgan.
Eslatib o‘tamiz, mazkur moddaga asosan hayvonlarga nisbatan shafqatsiz munosabatda bo‘lish, yaʼni ularni g‘arazli yoki boshqa past niyatlarda qiynoqqa solish yoki ularga azob berish — bazaviy hisoblash miqdorining uch baravaridan besh baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi.
Alpha version: 0.9.1.19 build 62118 | Инструменты