O‘zbekiston Kuala- Lumpur elchixonasi ko‘magida kuni kecha Toshkent xalqaro Vestminster universiteti rektori Bahrom Mirqosimovning Malayziyaning Osiyo va Tinch okeani texnologiya va innovatsiyalar universiteti rektori Xo Chin Kuan bilan muzokaralari tashkil etildi.
Uchrashuv davomida qo‘shma ta’lim va tadqiqot dasturlarini yo‘lga qo‘yish, ta’lim va innovatsiyalar sohasida ilg‘or tajribalar bilan o‘rtoqlashish, o‘qituvchi va talabalar almashinuvini amalga oshirish bo‘yicha hamkorlik yo‘nalishlari muhokama qilindi.
Malayziya tomoni O‘zbekistonda olib borilayotgan keng ko‘lamli islohotlar yuqori baholadi hamda oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar sohasini tubdan takomillashtirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar mamlakat taraqqiyotiga hissa qo‘shishiga ishonch bildirdi.
Bo‘lib o‘tgan muzokaralar natijasida ikki universitet o‘rtasida hamkorlik memorandumi imzolandi.
Osiyo va Tinch okeani texnologiya va innovatsiyalar universiteti (Asia Pacific University of Technology & Innovation – APU) 1993 yilda tashkil etilgan. Malayziya raqamli iqtisodiyot korporatsiyasining raqamli texnologiyalarga ixtisoslashgan yetakchi universitet maqomiga sazovor bo‘lgan. «QS Rankings» xalqaro reytingi bo‘yicha dunyoning yetakchi 700 universiteti ro‘yxatidan o‘rin olgan. Universitet huzurida sanoatda sun’iy intellektni qo‘llash, robototexnika, kiberxavfsizlik, kreativ industriya, «Internet of Things» (IoT) texnologiyalarini rivojlantirish bo‘yicha ilmiy markazlar faoliyat yuritadi.
Toshkent xalqaro Vestminster universiteti rektori tashrif davomida, shuningdek, «Taylor’s University», «UOW Malaysia», «INTI International University» kabi yetakchi oliy ta’lim muassasalari rahbarlari bilan ham hamkorlik istiqbollarini muhokama qildi.
O‘tkazilgan uchrashuvlar natijasida o‘qituvchilar malakasini oshirish va talabalar almashinuvini yo‘lga qo‘yish, ijodiy iqtisodiyot va kiberxavfsizlik bo‘yicha Kuala-Lumpur "Yozgi maktab" dasturlarini yo‘lga qo‘yish, Toshkentda kiberxavfsizlik bo‘yicha o‘quv va ilmiy-tadqiqot markazini tashkil qilish bo‘yicha kelishuvga erishildi.
Alpha version: 0.9.1.19 build 60422 | Инструменты