Huawei 1
Toshkentda taksi haydovchisini o‘ldirmoqchi bo‘lgan ikki yigit qamoqqa olindi

Toshkentda taksi haydovchisini o‘ldirmoqchi bo‘lgan ikki yigit qamoqqa olindi. Bu haqda Uzreport.news manbasiga Bosh prokuratura matbuot kotibi Hayot Shamsutdinov xabar berdi. 

Qayd etilishicha, 27-apreldan 28-aprelga o‘tar kechasi soat 23:30 larda M.Z. va M.D. qasddan odam o‘ldirish va o‘zganing mulkini egallash maqsadida oshxona pichog‘i bilan qurollanib, Toshkent shahar Chilonzor tumanida joylashgan "Olmazor" nomidagi metro bekati yoniga kelib, “Yandex Taxi” mobil ilovasi orqali taksi buyurtma berishgan.

Ularning chaqiruviga asosan yetib kelgan A.Ch.ning boshqaruvida bo‘lgan Gentra rusumli avtotransport vositasiga o‘tirib, oldindan tuzilgan rejaga muvofiq uni Toshkent-Termiz avtomobil yo‘li orqali Yangiyo‘l tumani hududiga yo‘nalirib, taxminan soat 01:00 larda tumanning Chamanzor mahalla hududiga yetib kelgach, yo‘lning o‘ng tomonida joylashgan “Yangiyo‘l sharob savdo” MCHJ foydalanuvidagi tokzor ichiga kirishgan. Shundan so'ng avtomashinani to‘xtatishib, atrofda hech kim yo‘qligidan foydalanib orqa o‘rindiqda o‘tirgan D.M. oldindan tayyorlab qo‘yilgan va yonida bo‘lgan oshxona pichog‘i bilan Ch.A.ning bo‘yin sohasi o‘ng orqa sohasiga bir marotaba urib, bo‘ynini qo‘llari bilan bo‘g‘ayotgan vaqtida Ch.A.qarshilik qila boshlagach old yon o‘rindiqda o‘tirgan Z.M. jabrlanuvchini qo‘llarini ushlab turgan vaqtida tuman IIBning tungi navbatchilik guruhi aʼzolari tomonidan aniqlanib, qo‘lga olinganligi sababli, boshlangan jinoyatni o‘zlariga bog‘liq bo‘lmagan holatlarga ko‘ra oxiriga yetkaza olishmagan.

Yangiyo‘l tuman tibbiyot birlashmasining 28-apreldagi tibbiy maʼlumotnomasiga asosan fuqaro Ch.A.ning bo‘yin o‘ng tomon sohasida urib, sanchilgan jarohatlar aniqlanganligi maʼlum qilingan.

Hodisa joyidan bir dona oshxona pichog‘i va qonga o‘xshash dog‘lar ashyoviy dalil sifatida protsessual tartibda hujjatlashtirib olingan.

Mazkur holat yuzasidan tuman prokuraturasi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi JKning 25, 97-moddasi 2-qismi “i, p” bandlari va 164-moddasi 3-qismi “b” bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.

Jinoyat ishi bo‘yicha Z.M. va D.M.lar O‘zbekiston Respublikasi JPKning 227-moddasi tartibida ushlangan.

29-aprelda Z.M. va D.M.ga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi JKning 25, 97-moddasi 2-qismi “i, p” bandlari va 164-moddasi 3-qismi “b” bandi bilan ayblov eʼlon qilinib, qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llanilgan.

Hozirda jinoyat ishi yuzasidan tuman prokuraturasi tomonidan dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga