Texasda aniqlangan 78 ta toshqin qurbonlaridan 68 tasi Kerr okrugida bo‘lgan. 41 kishi bedarak yo‘qolgan. Tramp Bayden ma'muriyatini tabiiy ofatlarni yomon boshqarishda aybladi.
AQShning Texas shtatida 7-iyul, dushanba kuni tongda suv toshqini oqibatida halok bo‘lgan 78 kishining jasadi topildi. Dovuldan eng ko‘p jabr ko‘rgan Kerr okrugi sherifi Larri Leytning so‘zlariga ko‘ra, 6-iyulgacha birgina o‘sha hududda 68 qurbon, jumladan, 28 bola qayd etilgan.
Texas gubernatori Greg Ebbotning aytishicha, 41 kishi bedarak yo‘qolgan. Rasmiylar, shuningdek, Gvadalupe daryosi yaqinida joylashgan Camp Mystic yozgi lageridan 10 qiz va bir maslahatchini qidirishni davom ettirmoqda. Falokat paytida ushbu lagerda jami 750 ga yaqin odam bo'lgan. Ularning aksariyati muvaffaqiyatli evakuatsiya qilindi. 6-iyul kuni yuzlab qutqaruvchilar itlar va 17 vertolyot yordamida bedarak yo‘qolganlarni qidirishni davom ettirdi.
AQSh prezidenti Donald Tramp 6-iyul kuni jurnalistlar bilan suhbatda Texasda yuz bergan suv toshqinini hech kim kutmagan “asr falokati” deb atadi. U fojia ko'lami uchun mas'uliyatni o'zidan oldingi davlat rahbari Jo Bayden ma'muriyatiga yukladi. Trampning ta'kidlashicha, u falokatlarni bartaraf etishda yomon ish qilgan. Nega mintaqada dam oluvchilarni suv toshqini xavfi haqida oldindan ogohlantirilmagani va evakuatsiya qilinmagani haqidagi savolga Tramp: “Bu bizning tashkilotimiz emas edi”, deb javob berdi.
Mustaqillik kunida suv toshqini
Mustaqillik kunidagi suv toshqinlari kuchli yog‘ingarchilik tufayli yuzaga kelgan, yog‘ingarchilik miqdori har kvadrat metrga 300 litrni tashkil etgan, bu Kerr okrugidagi o‘rtacha yillik yog‘ingarchilikning uchdan bir qismidir.
Yaqinda Tramp ma'muriyati AQShda ob-havo prognozlari va tabiiy ofatlardan himoya qilish uchun mas'ul bo'lgan Milliy okean va atmosfera ma'muriyati (NOAA) uchun mablag' va xodimlar sonini qisqartirgani uchun olimlar va favqulodda vaziyatlar boshqarmasi xodimlarining tanqidiga uchradi.
6-iyul kuni jurnalistlar bilan suhbatda Oq uy rahbari ishdan bo‘shatilgan meteorologlarni qayta tiklash niyatida emasligini ta’kidladi.
Alpha version: 0.9.1.19 build 70716 | Инструменты