Toshkent shahrida “apk” viruslarini yaratib, fuqarolarning pul mablag‘larini o‘g‘irlash bilan shug‘ullanib kelgan jinoiy guruh qo‘lga olindi. Bu haqda IIV Kiberxavfsizlik markazi matbuot xizmati xabar berdi.
Maʼlum qilinishicha, “Xavfsiz kibermakon” tezkor profilaktik tadbirlari doirasida IIV Kiberxavfsizlik markazi hamda uning Toshkent shahar boshqarmasi xodimlari tomonidan tezkor tadbir o‘tkazilgan. Tadbir davomida bir guruh shaxslar Android qurilmalari uchun yaratilgan “apk” viruslarni fuqarolarga yuborib, ularning SMS xabarnomalari, qo‘ng‘iroqlar hamda kontakt maʼlumotlarini o‘zlashtirish bilan shug‘ullanib kelgani aniqlangan.
Tadbirlar davomida virusli dasturlar Telegram guruhlariga ulangani, guruhda 11 nafar turli davlat fuqarolari jamlangani, ular fuqarolarning shaxsiy maʼlumotlarini o‘g‘rilab kelgani maʼlum bo‘lgan. Olib borilgan tezkor-qidiruv tadbirlari natijasida jinoiy guruhning 5 nafar aʼzosi qo‘lga olingan.
Ushbu shaxslarning yashash manzillari va telefon qurilmalari ko‘zdan kechirilganda ular 130 nafardan ortiq fuqarodan jami 3 mlrd so‘mga yaqin pul mablag‘larini o‘g‘rilik yo‘li bilan qo‘lga kiritgani aniqlangan.
Hozirda ushbu shaxslarga nisbatan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, gumonlanuvchilar protsessual tartibda ushlangan.
Qayd etilishicha, hozirda jinoiy guruhga aloqador bo‘lgan boshqa shaxslarni aniqlash bo‘yicha respublika bo‘ylab tezkor-qidiruv tadbirlari davom ettirilmoqda.
Alpha version: 0.9.1.19 build 90315 | Инструменты