Huawei 1
Toshkentning beshta tumanida 9 kunlik uzilishdan so‘ng issiq suv taʼminoti tiklanadi

Toshkent shahri elektr tarmoqlarining Yunusobod, Mirzo Ulug‘bek, Shayxontohur, Olmazor va Yashnobod tumanlaridagi taʼmirlash ishlari yakunlandi, deb xabar berdi Veolia Energy Tashkent.

Eslatib o‘tamiz, avvaliga Yunusobod, Mirzo Ulug‘bek, Shayxontohur, Olmazor tumanlarida 14 apreldan 18 aprelgacha issiq suv o‘chirilishi reja qilingandi. Bu issiqlik manbalarini to‘liq rejali bahorgi o‘chirish doirasida yuz bergandi. O‘chirish muddati yakunlanishi kerak bo‘lgan kuni Veolia Energy Tashkent ushbu hududlarda issiq suv 22 aprelgacha bo‘lmasligini xabar qildi. Bunga 4-IMni elektr bilan taʼminlaydigan tarmoqlarda taʼmirlash ishlari olib borilishi sabab qilib ko‘rsatildi.

Bundan kelib chiqadiki, yuqoridagi tumanlarda, shuningdek, Yashnobodning ayrim hududlarida 14 apreldan 22 aprelgacha — 8 kundan ortiq vaqt issiq suv o‘chirilishi ko‘zda tutilgan. Ammo yunusobodliklar 23 aprel kuni ham issiq suv taʼminoti tiklanmagani, baʼzi hududlarda elektr energiyasi ham uzilgani, ayrim kunlari sovuq suv yo‘q bo‘lganidan shikoyat qildi va petitsiya eʼlon qildi. Ular tekshiruv o‘tkazib, asosiy xizmatlardan foydalanish imkoniyatini tiklashni, shahar hokimligi, Veolia Energy Tashkent kompaniyasi va poytaxt HETdagi masʼul shaxslarni jazolashni talab qilmoqda.

Veolia‘ning taʼkidlashicha, taʼmirlash ishlari yakunlangach, elektr energiyasi taʼminoti to‘liq tiklangan. Hozirda mutaxassislar issiq suv taʼminotini bosqichma-bosqich tiklashga kirishmoqda.

Xususan, 4-IM lokal qozonxonasini hisoblangan harorat va bosimgacha to‘ldirish boshlangan. Qozonxona ishga tushgach, issiq suvni etkazish qozonxonaga yaqin binolarda 2 soat, uzoq binolarda 6 soat vaqtni olishi mumkin.

«Qozonxona nasoslari ishlashi uchun zarur bo‘lgan elektr energiyasi bo‘lmagani sababli 4-IM hududida issiq suv taʼminotining grafikdan tashqari uzilishi bo‘yicha to‘lovlar qayta hisob-kitob qilinadi», — deyiladi xabarda.

Quvurlar issiq suv bilan to‘ldirilishi bilan tarmoqdagi bosim hisoblangan darajaga asta-sekin ko‘tariladi. Kompaniya issiq suv kranlarini ishlatishda ehtiyot bo‘lishga chaqirdi.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 42415 | Инструменты