Huawei 1
Transport va ichki ishlar vazirlariga noqonuniy avtomobillar ijarasi bo‘yicha deputatlik so‘rovi yuborildi

Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi “Adolat” SDP fraksiyasi aʼzosi Dilmurod Ismoilov O'zbekistonda avtomototransport vositalarini qisqa muddatga ijaraga berish faoliyatini noqonuniy amalga oshirish holatlari va buning natijasida kelib chiqayotgan og‘ir oqibatlar yuzasidan jiddiy tashvish bildirib, transport vaziri Ilhom Mahkamov hamda ichki ishlar vaziri Aziz Toshpo‘latovga deputatlik so‘rovi yubordi. Bu haqda “Adolat” SDP matbuot xizmati maʼlum qildi.

Deputat so‘rovida so‘nggi yillarda fuqarolarga sifatli servis xizmatini ko‘rsatish bo‘yicha islohotlar amalga oshirilayotganiga qaramay, ayrim “tadbirkorlar” inson hayoti va sog‘lig‘idan o‘z manfaatlarini ustun qo‘yib, belgilangan qoidalarni chetlab o‘tayotganiga eʼtibor qaratdi.  

Bunga misol sifatida so‘nggi kunlarda Namangan viloyatida yuz bergan bir qator ayanchli hodisalar keltirilgan. Maʼlum bo‘lishicha, “Namangan yezda moshina” kabi telegram guruhlari orqali yuqoridagi qaror talablariga zid ravishda, hatto voyaga yetmagan va transport vositasini boshqarish huquqi bo‘lmagan shaxslarga ham avtomobillar ijaraga berilmoqda. Bu  esa, o‘z navbatida, og‘ir yo‘l-transport hodisalariga sabab bo‘lmoqda. Jumladan, 2024 yil 2 oktyabr kuni Namangan shahrida 5 nafar o‘quvchiga noqonuniy ijaraga berilgan “Jentra” avtomashinasi ishtirokidagi YTH oqibatida uch nafar o‘smirning hayotdan bevaqt ko‘z yumgani achinish bilan qayd etilgan.

Deputat bunday noqonuniy faoliyat mamlakatimizning boshqa hududlarida ham uchrayotgan bo‘lishi mumkinligi va ularning harakatlariga o‘z vaqtida huquqiy baho berilmasligi yana-da mudhish oqibatlarga olib kelishi mumkinligidan xavotir bildirgan.

Shu munosabat bilan deputat Dilmurod Ismoilov transport vaziri va ichki ishlar vaziridan bir qator masalalarga oydinlik kiritishni so‘ragan.  

Xususan, avtomototransport vositalarini qisqa muddatga ijaraga berish faoliyatini noqonuniy amalga oshiruvchi shaxslarni barvaqt aniqlash borasida qanday ishlar qilinmoqda? Ikkinchidan, aniqlangan qonunbuzarlarga nisbatan qanday choralar ko‘rilmoqda? Uchinchidan, bu kabi huquqbuzarliklar kelib chiqishining oldini olish bo‘yicha qanday chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda? To‘rtinchidan, mazkur masala yuzasidan vazirlarning shaxsiy nuqtai nazari qanday?

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 42414 | Инструменты