Huawei 1
Transport vazirligi: Poytaxt bo‘ylab QR-chiptalarni 8 000 ga yaqin nuqtadan sotib olish imkoniyati yaratildi

Transport vazirligi Jamoatchilik kengashi a’zolari tomonidan poytaxt jamoat transporti avtobuslarda 2025-yilning 1-yanvar sanasidan e’tiboran naqd pulda to‘lovlarni qabul qilish amaliyotining to‘xtalishi bilan bog‘liq jarayonlar, yo‘lovchilar uchun yaratilgan elektron to‘lov usullari, bir martalik QR-chiptalarni sotib olish uchun mavjud sharoitlar bilan tanishish maqsadida jamoatchilik nazorati o‘tkazildi.

Vazirlik Jamoatchilik kengashi raisi Sayyora Xodjayeva va kengash a’zolari yo‘lovchi oqimi katta bo‘lgan avtobus bekatlarida bo‘lib, yangi tizim yuzasidan aholi fikri bilan yaqindan tanishishdi. Yo‘l haqi to‘lovlarini elektron shaklda amalga oshirish imkoniyatlari o‘rganib chiqildi.

Shundan so‘ng, Toshkent shahar transport va yo‘l-transport infratuzilmasini rivojlantirish bosh boshqarmasi boshlig‘i Mirakbar Ikromov bilan amaliyotga joriy etilgan yangi tizimning ahamiyati, kutilayotgan natijalar va ko‘rsatkichlar yuzasidan fikr almashildi.

Mirakbar Ikromov aholi tomonidan bildirilgan, takliflar va murojaatlar, qolaversa, jamoatchilik faollari hamda ijtimoiy tarmoqlarda bildirilgan fikrlarni inobatga olgan holda yo‘lovchilarga qo‘shimcha qulayliklar yaratish maqsadida bir martalik QR-chiptalar sotib olish imkoniyatini beruvchi infokiosklar sonini ko‘paytirish bo‘yicha olib borilayotgan ishlar yuzasidan batafsil ma’lumot berdi.

Bugungi kunda poytaxt bo‘ylab QR-chiptalarni 8 000 ga yaqin nuqtadan sotib olish imkoniyati yaratildi. Avtobuslarda bir kunda tashilayotgan yo‘lovchilar orasida QR-chiptalar yordamida to‘lovlarni amalga oshirayotganlar hozirda 1 foizni tashkil etmoqda.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 11718 | Инструменты