"Ixtisoslashtirilgan maktablar tarmog'ini kengaytirish va ularning faoliyatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to'g'risida”gi Prezident Farmoni (PF-55-son, 01.04.2024 y.) qabul qilindi.
Farmonga ko'ra, 2024/2025-o'quv yilidan Agentlik tizimidagi maktablarda o'quvchilarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalashning yangi tizimini joriy qilish maqsadida darsdan tashqari mashg'ulotlar sifatida quyidagi mashg'ulotlar tashkil etiladi:
— 5–8-sinflarda Amir Temur, Jaloliddin Manguberdi, Zahiriddin Muhammad Bobur kabi buyuk sarkardalarimizning ibratli hayotini bugungi harbiylarimiz jasorati bilan bog'lab, Vatan himoyachisi ko'nikmalarini shakllantirishga yo'naltirilgan;
— 9–11-sinflarda harbiy o'yinlar va sport musobaqalarini o'tkazish, o'quvchilarning harbiylar bilan bevosita uchrashuvlarini tashkil etish orqali harbiy-vatanparvarlik tuyg'ularini oshirish va harbiy xizmatga tayyorgarlik bosqichini o'tashga yo'naltirilgan.
Har yili o'quvchilar o'rtasida “Turon yo'lbarslari” harbiy sport (“Temur tuzuklari” bilimdoni, kamondan o'q otish, qurolni to'liq bo'lmagan qismlarga ajratish va yig'ish, sport qurolidan o'q otish, birinchi tibbiy yordamni ko'rsatish) musobaqalari o'tkaziladi.
Milliy an'ana va qadriyatlarni aks ettiradigan namunaviy maktab burchaklari tashkil etiladi.
O'quvchilarda axloqiy, ijtimoiy-hissiy va estetik didni rivojlantirish, tarixiy siymolar hayotini badiiy talqinda aks ettirish, milliy qadriyatlarni ulug'lashga yo'naltirilgan “Turon” teatr studiyasi faoliyati tajriba-sinov tariqasida yo'lga qo'yiladi.
Alpha version: 0.9.1.19 build 120414 | Инструменты