Huawei 1
"Vatandosh kartasi"ga ega shaxslar O'zbekiston hududiga vizasiz kirishi va chiqishi mumkinligi belgilandi

Prezident Qarori (PQ-397-son, 20.11.2024 y.) bilan “Vatandosh” guvohnomasi va “Vatandosh” kartasini rasmiylashtirish, berish hamda bekor qilish tartibi to'g'risida Nizom tasdiqlandi.

Nizom bilan yurtimizning iqtisodiy va ijtimoiy hayotida faol ishtirok etishga intilayotgan vatandoshlarga “Vatandosh” guvohnomasini va “Vatandosh” kartasini rasmiylashtirish, berish hamda bekor qilish tartibi belgilandi.

"Vatandosh" guvohnomasi — xorijda istiqomat qilayotgan vatandoshlarni rag'batlantirish shakli bo'lib, yurtimizning iqtisodiy va ijtimoiy hayotida faol ishtirok etayotgan, mamlakatimizning boshqa davlatlar bilan do'stona munosabatlarini mustahkamlashga munosib hissa qo'shayotgan, respublikada xayriya (mesenatlik) faoliyatini amalga oshirayotgan vatandoshlarga minnatdorchilik va tashakkur belgisi hamda "Vatandosh" kartasini olish uchun asos hisoblanadigan hujjat.

Vazirlik va idoralar tomonidan taklif va tashabbus asosida guvohnoma berish bo'yicha taqdim etilgan nomzodlarni ko'rib chiqish uchun Komissiyaga tavsiyanoma kiritiladi.

"Vatandosh" kartasi — guvohnoma asosida 5 yil muddatga (vatandosh milliy pasportining amal qilish sanasidan oshmagan holda) beriladigan hamda O'zbekiston Respublikasi hududida belgilangan imtiyozlardan foydalanish huquqini beruvchi ID karta shaklidagi hujjat;

Kartaga ega vatandoshlarga quyidagi huquqlar beriladi:

—  O'zbekiston Respublikasiga hududiga vizasiz kirish va chiqish;
— mamlakat hududida ko'chmas mulk sotib olishda chet el fuqarolariga nisbatan belgilangan ko'chmas mulkning miqdorlari tatbiq etilmaydi va O'zbekiston Respublikasida yashash guvohnomasi talab qilinmaydi;
— xorijiy fuqaroga beriladigan mehnat faoliyatiga bo'lgan huquqni tasdiqlovchi hujjatlarsiz mehnat faoliyati bilan shug'ullanish;
— O'zbekiston Respublikasi fuqarolari uchun belgilangan shartlarda tibbiy, ta'lim va boshqa davlat xizmatlaridan foydalanish.

Karta egalarining oila a'zolariga (ota-onasi, er (xotini) va voyaga yetmagan farzandlari) quyidagi imtiyozlar beriladi:

— amaldagi viza muddatini uzaytirishda O'zbekiston Respublikasi hududidan chiqish zaruratisiz cheklanmagan miqdorda uzaytirish imkoniyati bilan davlat boji undirilmasdan ko'p martalik viza olish;
— O'zbekiston Respublikasi fuqarolari uchun nazarda tutilgan shartlarda tibbiy, ta'lim va boshqa davlat xizmatlaridan foydalanish;
— vaqtincha turgan joyi bo'yicha ro'yxatga olishni davlat boji undirilmasdan ichki ishlar organlarida rasmiylashtirish va uzaytirish.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 112219 | Инструменты