Xorazm viloyatida fuqarolarga soxta diplom olib bergan shaxs qo‘lga tushdi. Bu haqda Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti xabar berdi.
Qayd etilishicha, departamentning Yangiariq tumani bo‘limi va IIB xodimlari hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbirda fuqaro D.M. fuqaro D.I.ning ishonchiga kirib, unga Urganch davlat universiteti tomonidan berilgan akademik ta’tilini to‘g‘rilab, diplom olib berishi evaziga 900 dollar va 1,3 mln so‘mni tanishi M.Ya. orqali olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
Shuningdek, tergovga qadar tekshiruv davomida fuqaro D.M. fuqarolar B.O. va A.B.ni aldab, ularning Qozog‘iston Respublikasi universitetidagi o‘qishini go‘yoki Qirg‘iz Respublikasidagi xalqaro universitetga ko‘chirib, ushbu ta’lim muassasasini tugatgani haqida soxta diplom tayyorlab berib, evaziga ularning jami 4 800 dollarini qo‘lga kiritgani aniqlangan.
Bildirilishicha, mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 168-moddasi (firibgarlik) va 28, 211-moddasi (pora berish), 228-moddasi (hujjatlar, shtamplar, muhrlar, blankalar tayyorlash, ularni qalbakilashtirish, sotish yoki ulardan foydalanish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.
Alpha version: 0.9.1.19 build 41910 | Инструменты