"Yangi Namangan" shaharchasining 2022-2024-yillarga moʻljallangan 2-bosqichida 171 ta turar-joy, 10 ta maktab, 7 ta bogʻcha barpo etiladi
Yangi Namangan shaharchasi taqdimoti boʻlib oʻtdi. Unda Qurilish vazirining birinchi oʻrinbosari Davron Adilov, viloyat hokimligi mutasaddilari, loyihachi va qurilish pudrat tashkilotlari, Namangan shahri, Davlatobod hamda Yangi Namangan tumanlarining sektor rahbarlari ishtirok etishdi.
Ma'lum qilinishicha, Davlatobod tumanining “Yuksalish” va “Orzu” mahallalari, Toʻraqoʻrgʻon tumanining “Yettikon”, “Ibrat” hamda “Parasmon” mahallalari hududining 1 203 gektar maydoniga qurilayotgan Yangi Namangan shaharchasi qurilishi uch bosqichda amalga oshirilmoqda:
2018-2021-yillardagi 1-bosqich bunyodkorligi davomida Yuksalish massivida 330 gektar maydonda “Yoshlar”, “Yuksalish” va “Kushon” kichik sanoat zonalari tashkil etildi. Shuningdek, 2 764 ta xonadonli 71 ta koʻp qavatli uy qurilgan. Hozirgi kunda 648 ta xonadonli 11 ta 9 va 16 qavatli uylar barpo etilmoqda.
2022-2024-yillarga moʻljallangan 2-bosqichda 272 gektar boʻsh yer maydonida 19,8 ming xonadonli 16-24 qavatli, 171 ta turar-joy, 10 ta umumtaʼlim maktabi, 7 ta bolalar bogʻchasi, toʻyxona, masjid, shifoxona, kutubxona, biznes markazi va oʻnlab savdo hamda xizmat koʻrsatish obyektlari quriladi.
2024-2026-yillarda amalga oshiriladigan 3-bosqichda Toʻraqoʻrgʻon tumanidan Davlatobod tumaniga 315 gektari oʻzlashtirilib, jami 615,0 gektar yer maydonida koʻp qavatli uy-joylar, mehmonxonalar, biznes markazlari va ofis binolari barpo etiladi.
Shuningdek, 68,0 gektar yer maydonida “Yangi Oʻzbekiston bogʻi” tashkil etiladi. Markaz hududidagi umumiy 721 ta turar-joy obyektlarida jami 50 mingdan ortiq xonadonlar, 28 ta oʻrta maktab, 24 ta bolalar bogʻchasi, 5 ta shifoxona obyektlari barpo etilib, kelgusida 200,0 mingdan ortiq aholi yashashi uchun qulay shaharchaga aylantiriladi.
Alpha version: 0.9.1.19 build 51310 | Инструменты