Huawei 1
“Yangi O‘zbekiston” universitetida tibbiyot fakulteti tashkil etiladi

“Yangi O‘zbekiston” universiteti faoliyatini yana-da takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” gi prezident qarori (PQ-151-son, 28.04.2025 y.) qabul qilindi.

Qarorni qabul qilishdan ko‘zlangan asosiy maqsadlar etib quyidagilar belgilandi, jumladan:

- eng iqtidorli yoshlar va yuqori salohiyatli professor-o‘qituvchilarning ilmiy maktablarini shakllantirish;

- xalqaro standartlar va ilg‘or tajriba asosida tibbiyot sohasida taʼlim, amaliyot hamda ilmiy tadqiqot faoliyati uyg‘unligini taʼminlash, soha uchun raqobatbardosh va yuqori malakali mutaxassislar tayyorlash.

Universitet huzurida Ilg‘or bilim va tajribalar transferi markazi tashkil etiladi.

2025/2026 o‘quv yilidan Universitetning magistratura mutaxassisliklari talabalariga Vazirlar Mahkamasining qarori bilan taʼlimning bakalavriat bosqichiga joriy qilingan davlat grantini ajratish tartibi joriy etiladi.

2027 yil 1 dekabrgacha Universitet uchun olib kelinadigan va muqobili O‘zbekistonda ishlab chiqarilmaydigan qurilma, dasturiy va texnik vositalar, butlovchi qismlar bojxona to‘lovlaridan (QQS, aksiz solig‘i va bojxona rasmiylashtiruvi yig‘imlaridan tashqari) ozod etiladi.

Qarorga ko‘ra, universitetda texnika va tibbiyot sohalaridagi ilmiy-tadqiqot loyihalarini grant asosida moliyalashtirishning yangi mexanizmi joriy etiladi. Bunda:

- ilmiy-tadqiqot loyihasini 1 yillik moliyalashtirish qiymati BHMning 2 500 barobaridan yuqori bo‘lgan hollarda ushbu loyihani moliyalashtirish xalqaro eʼtirof etilgan tashkilotlar reytingida yuqori 30 talik ro‘yxatga kirgan oliy taʼlim tashkiloti xulosasi asosida amalga oshiriladi;

- ilmiy-tadqiqot loyihalariga ajratilgan mablag‘larning kamida 60 foizi ushbu loyiha doirasida foydalanish uchun tegishli asbob-uskuna xarid qilishga yo‘naltiriladi.

Shuningdek, ilmiy-tadqiqot loyihasini 1 yillik moliyalashtirish qiymati BHMning 5 000 barobaridan yuqori bo‘lgan hollarda ushbu loyiha rahbariga quyidagi majburiyatlar yuklanadi:

- ilmiy-tadqiqot loyihasi umumiy qiymatining kamida 20 foizini hamkorlikda moliyalashtirish maqsadida xorijiy grantlarni jalb qilish;

- ilmiy-tadqiqot loyihasini 3 nafar doktorant va 10 nafar magistrantni jalb qilgan holda amalga oshirish;

- ilmiy-tadqiqot loyihasini amalga oshirishda kamida 10 nafardan iborat tadqiqotchilar guruhini tuzish hamda kamida Xirsh indeksi 20 dan yuqori bo‘lgan 1 nafar chet ellik olimni jalb qilish.

Universitetda Yevropa standartlari asosida Germaniya Federativ Respublikasining oliy taʼlim tashkilotlari bilan hamkorlikda tibbiyot fakulteti tashkil etiladi.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 42916 | Инструменты