Amaldagi tartiblarga koʻra, tijorat maqsadida olib kirilayotgan uyali aloqa vositalari importyor tomonidan UZIMEI tizimidan roʻyxatdan oʻtkazilishi belgilangan.Ammo, mazkur tartiblarga rioya qilmasdan turib, uyali aloqa vositalarini olib kirishga boʻlgan urinishlar uchrab turibdi.
Jumladan, Kontrabandaga qarshi kurashish boʻlimi xodimlari Fargʻona tumanida oʻtkazilgan tezkor tadbir davomida avvaldan kuzatuvga olingan fuqaro Yo.I. boshqaruvidagi “Mersedes Bens” rusumli yuk avtotransport vositasi toʻxtatilib, xolislar ishtirokida koʻzdan kechirildi.Natijada, transport yukxonasida maxsus yasalgan qismida, shu mashinada ketayotgan yoʻlovchiga tegishli boʻlgan, xorijda ishlab chiqarilgan hamda tasdiqlovchi hujjatlari boʻlmagan umumiy qiymati 1 mlrd 13 mln soʻmlik 19 turdagi jami 484 dona uyali aloqa vositalari borligi aniqlandi.Yana bir holatda, Vodil tumanida “Captiva” avtomashinasi kuzatuvga olinadi. Kuzatuvga tushganini sezib qolgan haydovchi zudlik bilan mashina yukxonasidagi tovarlarni yoʻl chetidagi gulzor orasiga tashlab, yashirinadi.
Mazkur tovarlar belgilangan tartibda va xolislar ishtirokida koʻzdan kechirilganida, avval respublika xududiga aylanma yo'llar orqali olib kirilgan va xorijda ishlab chiqarilgan, umumiy qiymati 621 mln soʻmlik, tegishli hujjatlari boʻlmagan 9 turdagi 270 dona uyali aloqa vositalari ekanligi aniqlandi. So'ng voqea joyidan qochishga uringan shaxs qoʻlga olindi va holat yuzasidan bojxona organlari tomonidan jinoyat ishi qoʻzgʻatildi.
Shuningdek, Namangan viloyati bojxona boshqarmasi DXX vakillari bilan hamkorlikda Pop tumanida oʻtkazilgan tezkor tadbirda, avvaldan kuzatuvga olingan fuqaro I.B. boshqaruvidagi “Cobalt” avtomashinasi toʻxtatilib koʻzdan kechirilganida, avtomashina salonidagi sintetik qopda xorijda ishlab chiqarilgan 4 turdagi jami 138 dona uyali aloqa vositalari borligi aniqlandi.Tezkor tadbir davom ettirilib, Namangan shahrida fuqaro X.M.ning yashash xonadoni belgilangan tartibda koʻzdan kechirilganida, bu yerda ham xuddi shu turdagi telefonlardan 17 donasi borligi aniqlandi.
Shunday qilib, xorijda ishlab chiqarilgan, ammo bojxona rasmiylashtiruvini tasdiqlovchi hujjatlari boʻlmagan 155 dona uyali aloqa vositalari ashyoviy dalil sifatida olib qoʻyildi. Ularning umumiy qiymati esa 503 mln 750 ming soʻmni tashkil etmoqda.
Holat yuzasidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari davom ettirilmoqda.
Yuqoridagi holatlarda ushbu telefonlar belgilangan tartiblarda UZIMEI tizimidan roʻyxatdan oʻtkazilmaganligi sababli kelgusida begona shaxslarning nomlariga ularning roziligisiz roʻyxatdan oʻtkazilishi mumkinligining ham oldi olindi.
Eslatib oʻtamiz, respublikamiz bojxonachilari joriy yilning oʻtgan davri mobaynida aniqlangan 327 ta bojxona qonunbuzilishi holatlarida qiymati 18,6 mlrd soʻmlik 12 ming 548 dona uyali aloqa vositalarining noqonuniy olib kirilishiga chek qoʻyishdi.
Alpha version: 0.9.1.19 build 112303 | Инструменты