Yangi qonun hujjatlariga ko‘ra, qurilish, savdo markazlari va gaz quyish shoxobchalari faoliyatidagi qonunbuzarliklar uchun yirik jarimalar hamda ma’muriy qamoq jazolari belgilandi.
O‘zbekistonda yong‘in xavfsizligi qoidalariga rioya etilishini ta’minlash hamda aholi hayoti va sog‘lig‘ini muhofaza qilish maqsadida qonunchilikka muhim qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritildi.
Yangi qonun hujjatlariga ko‘ra, qurilish, savdo markazlari va gaz quyish shoxobchalari faoliyatidagi qonunbuzarliklar uchun yirik jarimalar hamda ma’muriy qamoq jazolari belgilandi. Kiritilgan yangi tartib va choralar quyidagi yo‘nalishlarni qamrab oladi:
1. Qurilish jarayonlariga noqonuniy aralashish
Obyektlarni qurish uchun yer ajratish, loyihalashtirish, qurish, rekonstruksiya qilish hamda tayyor binolarni foyd alanishga qabul qilish jarayonlariga o‘z mansab vakolatidan foydalanib, qonunga xilof ravishda aralashgan shaxslar qat’iy jazolanadi. Bu huquqbuzarlik: BHMning 100 baravaridan 150 baravarigacha miqdorda jarima solishga, yoki 15 sutka muddatga ma’muriy qamoqqa olishga sabab bo‘ladi.
2. Gaz quyish shoxobchalaridagi cheklovlar
Avtomobillarga gaz quyish shoxobchalari (AGQSh) tomonidan iste’molchilarga suyultirilgan uglevodorod gazini maishiy gaz ballonlarida berish taqiqlanadi. Mazkur qoidani buzish BHMning 3 baravaridan 5 baravarigacha miqdorda jarima solinishiga olib keladi.
3. Bozorlar va savdo markazlarini majburiy sug‘urta qilish
Bozorlar, savdo komplekslari va savdo-ko‘ngilochar markazlari (SEC) mulkdorlari zimmasiga yong‘in yuzaga kelgan taqdirda uchinchi shaxslarning hayoti, sog‘lig‘i hamda mol-mulkiga yetkazilishi mumkin bo‘lgan zararni majburiy sug‘urta qilish majburiyati yuklatilgan. Ushbu majburiyatni bajarmaslik mansabdor shaxslarga BHMning 50 baravaridan 75 baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi.
4. Yong‘in auditi talablarini buzish
Yong‘in auditini (obyektlarning yong‘in xavfsizligi talablariga muvofiqligini tekshirish) o‘tkazish bo‘yicha qonunchilikda belgilangan shartlar va talablarni buzganlik uchun ham choralar belgilandi, fuqarolarga BHMning 15 baravari miqdorida jarima, mansabdor shaxslarga esa BHMning 30 baravari miqdorida jarima solishga sabab bo‘ladi.
Ushbu qat’iy choralar qurilish va xizmat ko‘rsatish sohalarida xavfsizlik madaniyatini oshirish hamda kelgusida ko‘ngilsiz hodisalarning oldini olishga xizmat qiladi.
Alpha version: 0.9.1.19 build 110416 | Инструменты