Yoshlarni zamonaviy kasblarga o‘qitish bo‘yicha “Ustoz” maxsus platformasi ishga tushiriladi

Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan 2024-yil 23-fevral kuni yoshlar bandligini ta’minlash yuzasidan yig‘ilish o‘tkazildi. Unda yoshlarning bilim olishi, mehnat qilishi, ularga o‘z salohiyatini ro‘yobga chiqarish uchun zarur imkoniyatlar yaratilishi masalalariga urg‘u berildi.

O'zbekistonda bugungi kunda mehnat bozoriga kirib kelayotgan yoshlar soni ortib bormoqda. Joriy yil kollej, texnikum va oliy ta’lim muassasalarini 300 ming yoshlar bitirishi hamda “yoshlar balansi” bo‘yicha 925 ming yoshlarning bandligi ta’minlanishi, ularni ishga joylashtirish, zamonaviy kasb-hunarlar va tadbirkolikka jalb etish masalalari muhokama etildi.

“Yoshlar va biznesni qo‘llab-quvvatlash” yilida yoshlarning biznes bilan shug‘ullanishi uchun keng imkoniyatlar yaratilmoqda. Joriy yilda yoshlar o‘rtasida tadbirkorlik dasturi doirasida ajratilayotgan kreditlarning kamida 40 foizi yoshlar tadbirkorligini rivojlantirishga yo‘naltiriladi.

Shuningdek, 2024-yil 1-iyundan boshlab, Yoshlar ishlari agentligi tomonidan “Yosh tadbirkor” tanlovi o‘tkaziladi. Ushbu tanlov “mahalla-tuman-viloyat-respublika” bosqichlarida o‘tkazilib, yoshlarning istiqbolli biznes loyiha va g‘oyalari saralab olinadi. Bunda, nogironligi bo‘lgan yosh tadbirkorlarning loyiha va g‘oyalariga alohida e’tibor qaratiladi. Respublika bosqichida saralashdan o‘tgan har bir loyihaga bazaviy hisoblash miqdorining 1000 baravarigacha miqdordagi imtiyozli kreditlar ajratiladi. G‘olib bo‘lgan biznes loyiha va g‘oyalar egalari “Yosh tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi” hisobidan xorijiy davlatlarga malaka oshirishga yuboriladi.

Bugungi kunda yoshlar o‘rtasida IT sohasini ommalashtirish hamda sohada xizmatlar eksportini oshirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Jumladan, 2024-yil 1-martdan boshlab “Har bir mahalladan ikki nafar dasturchi” dasturi joriy etiladi. Ushbu dastur doirasida mahallalarda yoshlar yetakchilari tomonidan mahalla faollari ishtirokida axborot texnologiyalari va kompyuter dasturlash sohasiga qiziquvchi yoshlar aniqlanib, ularni ingliz va boshqa xorijiy tillarga o‘qitish hamda sertifikatlar olishini tashkil etish, sertifikat olgan yoshlar to‘g‘risida ma’lumotlarni Raqamli texnologiyalar vazirligining maxsus axborot tizimiga kiritib borish amaliyoti joriy qilinadi. Maxsus axborot tizimiga kiritilgan yoshlarni IT sohasida faoliyat yuritayotgan tashkilotlarga yo‘naltirish va ishga joylashtirishga ko‘maklashish choralari ko‘riladi.

Yoshlarni zamonaviy kasblarga o‘qitish bo‘yicha “Ustoz” maxsus platformasi ishga tushiriladi. Ushbu loyiha doirasida 250 ming nafar yoshlar marketing, reklama, elektron savdo, IT-dizayner kabi 30 ta zamonaviy kasbga o‘rgatish tizimi yo‘lga qo‘yiladi.

O'zbekistonda so‘nggi bir necha yil davomida yoshlarning xorijiy tillarni o‘rganishi uchun keng imkoniyatlar yaratilmoqda. Joriy yilda ushbu yo‘nalishdagi ishlarni yangi bosqichga olib chiqish ko‘zda tutilmoqda. Yoshlar ishlari agentligi tomonidan ishlab chiqilgan “Ibrat farzandlari” loyihasi orqali 1 million yoshlar xorijiy tillarga bepul o‘qitiladi. Maktablardagi bo‘sh sinf xonalari chet tili repetitorlari va o‘quv markazlari uchun bepul ijaraga beriladi. Qishloq joylardagi o‘quvchilarning o‘zlashtirishi yuqori bo‘lgan 100 ta xususiy o‘quv markazining ijara xarajatlari 6 oygacha kompensatsiya qilinadi. Xususiy kurslarda o‘qib, “С-1” sertifikatini olgan yoshlarga o‘qish harajatlari, nemis, fransuz, koreys, yapon va xitoy tillari bo‘yicha “B-2” darajasini sertifikatini olish harajatlari qoplab beriladi. Shuningdek, joriy yilda nafaqat sertifikat olishdagi imtihon xarajati, balki olti oylik o‘qish puli ham to‘lab beriladi.

Shu bilan birga, 60 ming 500 gektar yer yoshlarga ajratib berilishi belgilandi. Har bir yoshga qancha maydon ajratilishiga “mahalla yettiligi” taklif berish amaliyoti yo‘lga qo‘yiladi. Yer olgan yoshlar Agrobankning “Fermerlar maktabi”da hosildor, eksportbop ekinlar yetishtirish bo‘yicha o‘qitiladi. Mini-texnika, urug‘ va ko‘chatlar sotib olishga “Yoshlar daftari” jamg‘armasi hamda Fermerlar jamg‘armasidan subsidiya ajratiladi. Dehqonchilik bilan shug‘ullanuvchi yoshlarga eksportchi va qayta ishlash bo‘yicha tajribaga ega tadbirkorlar kooperatsiya asosida biriktiriladi.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 53121 | Инструменты