Zulfiya Zakirova nomiga haykal majmuasi va zamonaviy kutubxona binosini qurish ishlari bekor qilinmadi, faqat kechiktirildi — Toshkent viloyati hokimligi
Toshkent viloyati hokimligi Nurafshon shahrida Zulfiya Zakirova nomiga haykal majmuasini qurish va atrofini obodonlashtirish hamda Nurafshon Business City hududida zamonaviy kutubxona binosi qurilishi nazarda tutilgan farmoyishi bekor qilinishi to'g'risidagi xabarlar yuzasidan rasmiy munosabat bildirdi.
Avvalroq, Toshkent viloyatining yangi hokimi Zoyir Mirzayev avvalgi hokimning haykal majmuasi va zamonaviy kutubxona binosini qurish bo'yicha qarorini bekor qilgani haqida xabarlar paydo bo'lgandi.
"Toshkent viloyati hokimligi tomonidan joriy moliya yilini samarali yakunlash maqsadida hamda yil yakuniga qadar amalga oshirilishi zarur bo'lgan muhim tadbirlar ko'lamini inobatga olib, 2021 yil davomida Toshkent viloyati mahalliy byudjeti daromadlarining qo'shimcha mablag'lari hisobidan amalga oshiriladigan ishlar uchun ajratilgan mablag'larning o'zlashtirilishi tahlil qilindi.
Unga ko'ra, joriy yil yakuniga qadar Toshkent viloyati hokimining 2021 yil 23 apreldagi 144-f-son farmoyishiga asosan kameralar uchun, 2021 yil 30 apreldagi 157-f-son farmoyishiga asosan kichik sanoat zonasida ichimlik va oqava suv tarmoqlarini ulash uchun hamda Toshkent viloyati hokimining 2021 yil 3 noyabrdagi “Nurafshon shahrida Zulfiya Zakirova nomiga haykal majmuasi va zamonaviy kutubxona binosini qurish to'g'risida”gi farmoyishiga asosan ajratilgan mablag'larni belgilangan tadbirlar bo'yicha hisob-kitoblar va loyihalashtirish ishlari yakuniga yetmaganligi sababli o'zlashtirish imkoni mavjud emasligi aniqlandi.
O'zbekiston Respublikasi Byudjet kodeksiga asosan moliyaviy majburiyatlarni ro'yxatdan o'tkazish joriy moliya yili doirasida amalga oshirilishi belgilanganligidan kelib chiqib, O'zbekiston Respublikasi Xalq deputatlari Toshkent viloyati Kengashi bilan kelishilgan holda yuqoridagi tadbirlarga ajratilgan mablag'lar qisman chegirildi.
Shuningdek, viloyatda “Obod qishloq” va “Obod mahalla” dasturlari doirasida pudrat tashkilotlari tomonidan bajarilgan ishlar hajmiga nisbatan qarzdorliklar shakllangan bo'lib, chegirilgan mablag'lar viloyatda olib borilayotgan va moliyalashtirilishi zarur bo'lgan boshqa maqsadlar hamda kreditor qarzdorliklarni bartaraf qilishga yo'naltirilishi belgilab olindi.
Yuqoridagilardan xulosa qilish mumkinki, Nurafshon shahrida Zulfiya Zakirova nomiga haykal majmuasi va zamonaviy kutubxona binosini qurish bo'yicha farmoyish bekor qilinmagan, aksincha, joriy yil moliya yili davomida ajratilgan mablag'larning ishlatilmagan qismidan samarali foydalanish va boshqa qarzdorliklarni bartaraf etish uchun chegirib olingan.
Ushbu ob'ektga kelgusida aniq hisob-kitoblarga asosan mablag' ajratilishi ko'zda tutiladi" - deyiladi xabarda.
Alpha version: 0.9.1.19 build 82823 | Инструменты