Huawei 1
Kikboksing: O'zbekiston terma jamoasi Dehlida o'tkazilgan xalqaro turnirda 34 ta medalni qo'lga kiritdi

Dehli shahrida Kikboksing tashkilotlari jahon assotsiatsiyasi (World Association of kickboxing organisatios – WAKO) jadvaliga kiruvchi Hindiston ochiq xalqaro turnirida o'zbekistonlik sportchilar muvaffaqiyatli ishtirok etdi.

O'zbekiston vakillari ayollar va erkaklar o'rtasida kikboksingning ring va tatamida bo'lib o'tgan turli yo'nalishlardagi bellashuvlarida 34 ta medalni qo'lga kiritishga muvaffaq bo'ldi. Ulardan 24 tasi oltin, 7 tasi kumush va 3 tasi bronza medallaridir.

O'zbekiston terma jamoasi turnirda ikkinchi o'rinni egalladi. G'oliblik mezbonlarga va uchinchi o'rin Qozog'iston vakillariga nasib qildi.

"Mazkur turnirda 15 ta davlatdan 950 nafar sportchi, jumladan o'zbekistonlik 38 nafar kikboksing ustalari qatnashdi. Mamlakatimizda boshqa sport turlari qatori kikboksing ham rivoj topmoqda. Bu davlatimiz rahbariyatining jismoniy tarbiya va sport sohasiga qaratayotgan katta e'tiboridan dalolatdir. Terma jamoamiz a'zolarining xalqaro maydonda qo'lga kiritayotgan natijalari salmog'i tobora oshmoqda, bu esa kelajakda jahon chempionatlarida ham erishiladigan yuqori ko'rsatkichlarga asos bo'lishiga ishonamiz", – deydi O'zbekiston kikboksing assotsiatsiyasi raisi Oybek Normetov.

WAKO O'zbekistonda kikboksingning rivojlanish darajasidan kelib chiqib, O'zbekiston ochiq xalqaro turniriga joriy yildan boshlab Jahon kubogi maqomini berdi. Shuningdek, yaqin yillarda ushbu sport turi bo'yicha jahon chempionatlaridan birini mamlakatimizda o'tkazish istiqbollari o'rganilmoqda.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 120414 | Инструменты