O'zbek milliy sport turi – kurash Xalqaro harbiy sport kengashi (International Military Sports Council – CISM) tomonidan e'tirof etilib, uning musobaqalar taqvimiga rasman kiritildi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA.
"CISM" Bosh assambleyasining Shri-Lanka poytaxti Kolombo shahrida bo'lib o'tgan navbatdagi yig'ilishida bu haqda qaror qabul qilindi.
Xalqaro kurash assotsiatsiyasi (International Kurash Association - IKA), O'zbekiston Qurolli Kuchlari va mamlakatimiz Kurash federatsiyasining izchil sa'y-harakatlari natijasida ushbu tarixiy voqeaga erishildi.
IKA Prezidenti Haydar Farmon shu munosabat bilan yo'llagan maktubida "Bugun butun jahon kurash oilasi uchun faxrli va quvonchli kun bo'ldi. Kurash nafaqat sport turi, balki tinchlik va sharaf ramzi bo'lgan ma'naviy merosdir. Uning CISM sport taqvimiga kiritilgani xalqaro maydonda, ayniqsa, harbiy sportchilar orasida yangi yuksak bosqichni belgilab berdi", deb ta'kidlagan.
Xalqaro harbiy sport kengashi Bosh assambleyasida IKA texnik masalalar bo'yicha direktori Ravi Kapur (Hindiston) tomonidan kurash sport turi, uning xalqaro miqyosda o'sib borayotgan mavqei haqida taqdimot o'tkazildi.
"CISM" doirasidagi kurash bo'yicha birinchi rasmiy musobaqa – "Kurash Challenge Cup" joriy yilning 5-6-sentyabr kunlari O'zbekistonda o'tkaziladi. Ahamiyatlisi shundaki, musobaqaning final bahslari 6-sentyabr – Jahon kurash kunida o'tkaziladi.
Kurashning "CISM" musobaqalar taqvimiga rasman kiritilgani milliy sport turining xalqaro ko'lamdagi rivoj topishining yangi bosqichini boshlab berdi. Bu nafaqat sportchilar, balki milliy federatsiyalar va millionlab muxlislar uchun ham katta imkoniyatlar eshigini ochadi.
Xalqaro harbiy sport kengashi 1948-yilda tashkil etilgan va uning bosh qarorgohi Belgiyada joylashgan. Ushbu tashkilot 140 davlatni birlashtirgan hamda harbiylar o'rtasida turli sport musobaqalari uyushtiradi, tinchlik va do'stlik g'oyalarini targ'ib qiladi.
Alpha version: 0.9.1.19 build 61400 | Инструменты