«Mossad» tashqi razvedka xizmati va AMAN harbiy razvedkasi tomonidan Eron ichkarisida o‘tkazgan maxsus amaliyot – Isroilning 13 iyunga o‘tar kechasi islom respublikasiga qilgan hujumining muhim qismi bo‘lgan. 13 iyun kuni tongida kuchishlatar tuzilmalardagi manbalar Isroil nashrlariga ushbu amaliyotning ayrim tafsilotlarini oshkor qilgan.
Bu Isroil maxsus xizmatlari uchun standart amaliyotdir: ular juda kam hollarda xorijdagi harakatlari to‘g‘risida rasman xabar beradi, ammo ko‘p hollarda bunday amaliyot haqida matbuotga ma’lumot «sizdiradi». Boshqa so‘z bilan aytganda, operatsiya tavsifi — «Mossad»ning press-relizi bo‘lib, u maxsus xizmatni imkon qadar yutuqda qilib ko‘rsatadigan tarzda tayyorlangan.
Operatsiyaga bir necha oy tayyorgarlik ko‘rilgan. Agentlar zarba nishonlari: yadroviy obektlar, harbiy bazalar (ayniqsa raketa bazalari), shuningdek, Eron harbiy rahbariyatidagi muhim shaxslar hamda uning yadroviy dasturi ishtirokchilari to‘g‘risida ma’lumot to‘plagan.
Tungi hujumdagi dastlabki zarbalar nishonlari aynan harbiy qo‘mondonlar va yadro sohasidagi yetakchi olimlar bo‘ldi. Eronning muhim tuzilmalari, jumladan Islom inqilobi muhofizlari korpusi, armiya, havo hujumidan mudofaa qo‘shinlari va raketa-kosmik kuchlari, shuningdek yadroviy dasturi boshsiz qoldi: kimdir halok bo‘ldi, kimdir yaralandi, kimdir bedarak ketdi, kim bilandir aloqa o‘rnatib bo‘lmadi — va bir necha muhim soatlar mobaynida zarur topshiriqlarni beradigan odamning o‘zi yo‘q edi.
Bundan tashqari, «Mossad»ning maxsus topshiriqli otryadlari eronliklarning havo hujumidan mudofaa batareyalari yaqinidagi ochiq maydonlarga yuqori aniqlikda zarba beruvchi tizimlarni joylashtirgan. Hujum boshlanganida ular masofadan turib faollashtirilgan — va ular Isroil harbiy-havo kuchlarining Erondagi obektlarni bombalash uchgan samolyotlari yo‘llarini tozalab bergan.
Isroil Eron mudofaa obektlarining yana bir qismini «transport vositalariga yashirincha joylashtirilgan ilg‘or hujum tizimlari» yordamida yo‘q qilgan. Bunday ta’rif bu amaliyot Ukrainaning «O‘rgimchak to‘ri» operatsiyasiga o‘xshashligini taxmin qilish imkonini beradi, o‘shanda Rossiya samolyotlari aerodromlarda turgan joyida yuk mashinalarida yetkazilgan dronlar yordamida yoqib yuborilgandi.
Shuningdek, «Mossad» agentlari Tehron yaqinida zardor dronlar bazasini yaratgan. Isroil nashrlari manbalari ma’lum qilishicha, hujum kuni kechasi ular orqali Asfajoboddagi «yer-yer» raketalarini uchirish moslamalariga zarba berilgan. Ushbu turkum nashrlargacha bunday baza mavjudligi hech qayerda tilga olinmagandi. Eronda hatto bunday nomdagi geografik obekt ham yo‘q. Gap mamlakat shimoli-g‘arbidagi Ardabil viloyatidagi Esfahobod qishlog‘i haqida ketayotgan bo‘lishi mumkin, biroq u yerda harbiy baza borligi haqida ham ma’lumot yo‘q. Taxmin qilish mumkinki, manbalar jurnalistlar orasida tarqatgan materiallarda barcha nashrlar takrorlagan xatolik bo‘lgan.
Alpha version: 0.9.1.19 build 61417 | Инструменты