Huawei 1
O‘zbekistonda dunyo og‘ir atletikasining 10 yillik rekordi yangilandi

Toshkent xalqaro sport musobaqalarining megapolisidagi muhim shaharlardan biri sifatida keyingi yillarda katta nufuzga ega bo‘lib bormoqda. Bu, poytaxtda o‘tkazilayotgan og‘ir atletika bo‘yicha "Parij-2024" Olimpiya o‘yinlarining reyting ochkolarini taqdim etadigan qit’a chempionatining ochilish marosimida chet ellik sport mutasaddilari tomonidan e’tirof etildi.

Marosimda ishtirok etgan Xalqaro og‘ir atletika federatsiyasi prezidenti Muhammad Jalud so‘nggi yillarda O‘zbekiston og‘ir atletika sportining markazlaridan biriga aylangani, jahon rekordlari yangilanayotgan maskan sifatida nom qozonayotganini ta’kidladi.  

Aynan Toshkent musobaqalari nafaqat qit’a, balki jahon og‘ir atletika sportchilariga to‘rt yillik musobaqalarga o‘tish yo‘lagini ko‘rsatish mavqeiga ega bo‘lgani O‘zbekiston sportining xalqaro nufuzini ko‘rsatmoqda.

Ruslan Nuruddinovning 2016 yilgi Rio olimpiadasidagi shov-shuvli g‘alabasi, 2022 yili Tokioda o‘tgan Olimpiya o‘yinlarida Akbar Jo‘rayevning g‘alabasi sharafiga O‘zbekiston madhiyasi yangrashi mamlakatimizning dunyo sportida o‘rni borligidan dalolatdir.

Qit’a chempionatining ochilish marosimidagi tantanalarda O‘zbekiston Respublikasi sport vaziri Adham Ikromov, Milliy olimpiya qo‘mitasi bosh kotibi Oybek Qosimov, qo‘mita raisi o‘rinbosari Sherzod Toshmatov, sport vaziri o‘rinbosari, O‘zbekiston og‘ir atletika federatsiyasi raisining birinchi o‘rinbosari Shahrillo Mahmudov ishtirok etib, musobaqalarda qatnashayotgan sportchilarga omad tiladi.

Madhiyamiz yangrab, asosiy bellashuvlarga start berildi.

Birinchi kungi musobaqalarda erkaklar 55, ayollar 45 kilogrammdagi bahslarda maydonga chiqdi.

Chempionatning ilk kunida jahon va Osiyo og‘ir atletikasida o‘n yillik rekord Toshkent bahslarida yangilangani e’tiborli bo‘ldi. 

Ayollar o‘rtasida 45 kilogrammdagi bellashuvlarda ishtirok etgan Koreya Xalq Demokratik Respublikasi vakili Von Xyon Sim dast ko‘tarishda 86 va siltab ko‘tarishda 106 kilogrammli toshlarni bo‘ysundirgan holda g‘oliblikni tantana qildi. Uning dast ko‘tarishdagi natijasi qit’a va jahon rekordini yangiladi. Aytish lozim bugungacha jahon rekordi 85 kilogramm bo‘lgan bo‘lsa, qit’a rekordi 84 kilogrammni tashki etayotgandi. Keyingi o‘rinlar Tailand va Xitoy Taypeyi sportchilariga nasib etdi. Ushbu vaznda ishtirok etgan hamyurtimiz 14 yoshli Munisa Odilovaning kattalar o‘rtasidagi musobaqada 6-o‘rinni egallashini ham musobaqaning o‘ziga xos kashfiyoti bo‘ldi, deyish mumkin.

Erkaklar o‘rtasida 55 kg. vazn toifasidagi bahslarda yana bir Shimoliy koreyalik sportchi raqiblaridan ancha ustun ekanini ko‘rsatdi. KXDR vakili Pang Un Chol 1-o‘rinni, tailandlik Natthavat Chomchuyen ikkinchi va vyetnamlik Lai Gia Tan 3-o‘rindan joy oldi.

Musobaqalar 10-fevralga qadar davom etadi.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 72719 | Инструменты