Huawei 1
Professional boks: Isroil Madrimov chempionlikni birlashtiruvchi jangda kim bilan to‘qnash keladi?

Hamyurtimiz Isroil Madrimov joriy yilning 8 mart kuni Saudiya Arabistoni poytaxti Ar-Riyod shahrida o‘tkazilgan professional boks oqshomida rossiyalik Magomed Kurbanovni texnik nokautga uchratib, WBA chempionlik kamarini qo‘lga kiritgani ortidan uning kelgusida birinchi o‘rta vazn toifasida WBO yo‘nalishi chempioni, hozirda Avstraliya sharafini himoya qilayotgan Tim Szyu bilan ro‘baro‘ kelish ehtimoli borligi to‘g‘risida bot-bot aytildi. Ammo endi bu jang boks muxlislari uchun armon bo‘ladiganga o‘xshaydi.

Bugun, 31 mart erta tongda AQSHning Nevada shtati Las-Vegas shahridagi muhtasham "T-Mobile Arena"da o‘tkazilgan navbatdagi professional boks turnirining natijalari Madrimovni kelgusida boshqa bir bokschi bilan ro‘baro‘ kelishi mumkinligini ko‘satmoqda.  

Mazkur boks oqshomining markaziy jangida birinchi o‘rta vazn toifasida WBO yo‘nalishi chempioni Tim Szyu amerikalik daʼvogar Sebastyan Fundoraga qarshi jang o‘tkazdi.

O‘n ikki raundga mo‘ljallangan jang to‘liq davom etdi. Szyudan bo‘yi ancha baland bo‘lgan Fundora hakamlarning qarori bilan g‘alaba qozondi. Hakamlardan biri 116-112 hisobida g‘alabani Szyuga taqdim etgan bo‘lsa, qolgan ikki hakam 116-112 va 115-113 hisoblarida Fundoraning ustunligini eʼtirof qildi. 

Aynan ushbu natija tufayli isteʼdodli bokschimiz Madrimovning kelgusida Konstantin Szyuning o‘g‘li Tim bilan emas, aksincha uning raqibi amerikalik Sebastyan Fundora bilan ringda to‘qnash kelishi haqiqatga ancha yaqindek. Ammo Madrimov –Fundora jangi ro‘y beradimi? Buni vaqt ko‘rsatadi. Qolaversa, Tim Szyuning Fundora bilan revansh jangiga talabgorlik qilishini, boshqa raqiblarning o‘rtada ko‘rinish berishini ham nazardan qochirmaslik kerak. Lekin professional boks mutaxassislariga bir narsa kundek ravshan. Bugungi kunda professional boksning birinchi o‘rta vazn toifasida barcha chempionlik kamarlarini birlashtirishga ko‘p jihatdan aynan Madrimov – Fundora “dueli” haqliroqdir. Ushbu haqiqatni professinal boksning hozirgi korchalonlari tan olish olmasligi vaqt hukmiga havola.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga