Professional boksning supero‘rta vazn toifasida faoliyat yurituvchi charm qo‘lqop ustamiz Bektemir Meliqo‘ziyev ringga qaytmoqda.
Hamyurtimiz avval xabar berilganidek, 30 may kuni Las-Vegas shahridagi Virgin Hotels majmuasida tashkil etiladigan prof boks oqshomida ishtirok etadi. 29 yashar Meliqo‘ziyevga o‘sha kuni amerikalik Daryus Fulgxem raqiblik qiladi. Jang supero‘rta vazn toifasida, WBA Eliminator maqomida o‘tkaziladi. Ushbu to‘qnashuv g‘olibi keyingi jangini aynan chempionlik kamari uchun o‘tkazadi. Meliqo‘ziyev ayni damda ushbu tashkilot reytingida uchinchi o‘rinni egallab turgan bo‘lsa, Fulgxem to‘rtinchi pog‘onada bormoqda.
Supero‘rta vaznda meksikalik Saul Alvares WBA Super kamari sohibi bo‘lsa, Kaleb Plant vaqtinchalik kamarga egalik qiladi. Shuningdek, Uvel Ernandes WBA Gold chempioni hisoblanadi.
Maʼlumot uchun, Bektemir Meliqo‘ziyev faoliyati davomida 16 ta jang o‘tkazib, 15 g‘alaba (10 KO) va 1 ta mag‘lubiyat qayd etgan. Daryus hisobida esa 14 ta jangda qo‘lga kiritilgan 14 ta g‘alaba (12 KO) bor.
Alpha version: 0.9.1.19 build 43022 | Инструменты