Prezident qarori bilan endi sport inshootlarini band qilish imkoniyati, elektron diplomlar va maktablarda yangi sport toʻgaraklari yoʻlga qoʻyiladi. “ERP sport” tizimi va “MySport” ilovasi imkoniyatlari kengaytiriladi. Shuningdek, 2027-yildan musobaqa diplomlari QR-kodli elektron shaklda beriladi.
Joriy yil 16-noyabr kuni Prezident sport sohasini raqamlashtirish va samarali boshqaruv tizimini yoʻlga qoʻyish bo'yicha qaror qabul qildi. Qarorga koʻra, jismoniy tarbiya-sport tashkilotlari faoliyatini toʻliq raqamlashtirish va boshqaruv tizimi samaradorligini oshirishning ustuvor yoʻnalishlari belgilandi.
Shu bilan birga, “ERP sport” yagona elektron boshqaruv tizimining yaxlit kompleksini joriy etish va kuzatib borish, shuningdek, uning boshqa davlat tashkilotlari axborot tizimlari bilan integratsiyasini ta’minlash belgilandi. Undan tashqari, qaror bilan joriy etilayotgan axborot tizimlari va dasturiy mahsulotlar uzluksizligi ta’minlanadi.
“MySport” mobil ilovasida quyidagi qoʻshimcha imkoniyatlar yaratiladi:
- pulli xizmat koʻrsatuvchi sport tashkilotlari binolari soatbay, kunbay, oylik hamda yillik tariflar boʻyicha band qilinadi va toʻlov amalga oshirish yoʻlga qoʻyiladi;
- davlat sport tashkilotlari bino va inshootlarini ijaraga berish orqali tushadigan mablagʻlar nazorat qilib boriladi;
- tashkilot reytingi, sport turi, tariflar, lokatsiya, aksiyalar va boshqa turli axborot va statistik ma’lumotlar olinadi.
Qarorga koʻra, 2027-yil 1-yanvardan "ERP sport"da musobaqa gʻolib va sovrindorlariga diplom yoki sertifikatlarni QR kod bilan elektron beriladi.
Quyidagilar umumta’lim muassasalarida oʻquvchilarni sportga jalb etishning qoʻshimcha yoʻnalishlari etib belgilandi:
- umumta’lim muassasalari qoshida sport klublari va toʻgaraklari tarmogʻini kengaytirish, jismoniy tarbiya fani oʻqituvchilari faoliyatini rivojlantirish;
- sport maktablarini biriktirgan holda umumta’lim muassasalarida “maktabdan Sport akademiyasigacha” gʻoyasiga asoslangan yakkakurash va jamoaviy olimpiya sport turlari boʻyicha kamida 1 tadan sport toʻgaraklarini yoʻlga qoʻyish.
Sport vazirligi tizimidagi sport turlari boʻyicha Respublika oliy sport mahorati maktablari negizida Olimpiya terma jamoalari markazi (Markaz) tashkil etiladi.
Avvalroq “Yangi O‘zbekiston Olimpiya cho‘qqilari” doirasida velosport musobaqalari o‘tkazib borilishi, ushbu sportni yanada ommalashtirish bo‘yicha Prezident qarori qabul qilingandi.
Alpha version: 0.9.1.19 build 111710 | Инструменты