Shavkat Mirziyoyev Parijda o‘tayotgan yozgi Olimpiya o‘yinlarida dzyudo bo‘yicha bellashuvlarning -52 kilogrammgacha vazn toifasida barcha raqibalarini yengib, Olimpiya terma jamoamizga birinchi oltin medalni keltirgan Diyora Keldiyorova bilan telefon orqali muloqot qildi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Davlat rahbari O‘zbekiston tarixida yozgi Olimpiya o‘yinlarida ayollar o‘rtasida birinchi marta chempion bo‘lgan sportchi qizimizni tarixiy g‘alaba bilan qizg‘in tabriklab, ota-onasi va murabbiylariga minnatdorlik bildirdi.
-52 kg vazn toifasi vakili Diyora Keldiyorova hal qiluvchi bahsda kosovalik Distriya Krasnichiga qarshi tatamiga chiqdi.
Diyora raqibini yengib, oltin medal sohibiga aylandi. Shu tariqa Diyora Keldiyorova Olimpiya o‘yinlari chempionligini qo‘lga kiritgan ilk o‘zbekistonlik dzyudochiga aylandi. Shuningdek, 16 yil deganda o‘zbekistonlik ayol sportchi yana Olimp shohsupasiga ko‘tarilmoqda.
Alpha version: 0.9.1.19 build 122300 | Инструменты