Huawei 2
"Xanchjou-2022" g‘oliblari qancha miqdordagi pul mukofotlari bilan taqdirlanadi?

Joriy yilning 23 sentyabr – 8 oktyabr kunlari o'zbekistonlik sportchilar Xitoyda o‘tkaziladigan “Xanchjou-2022” Osiyo o‘yinlarida vatanimiz sharafini himoya qiladi.

Boshlanishiga 31 kun qolgan qit’a o‘yinlarida sportchilarimiz nechta sport turida qancha sportchi bilan ishtirok etadi? "Xanchjou-2022"da sovrinli o‘rinlarni egallagan sportchilarga davlat tomonidan beriladigan mukofot pullarining miqdori qancha bo‘ladi?

Aytish lozim, davlat rahbari tomonidan 2022-yilning 5-mayida imzolangan “2023-yilda Xanchjou shahrida (Xitoy) bo‘lib o‘tadigan XIX Osiyo o‘yinlari va IV Paraosiyo o‘yinlariga O‘zbekiston sportchilarini kompleks tayyorlash to‘g‘risida”gi qarorga asosan terma jamoalar, alohida sportchilar uchun barcha shart-sharoitlar to‘la-to‘kis yaratib berildi.  

Ichki va xalqaro o‘quv-mashg‘ulot yig‘inlari, zarur mablag‘, tibbiy ko‘mak, ijtimoiy va iqtisodiy qo‘llov hamma davrlardagidan-da yuqori bo‘ldi. Yaratilgan imkoniyatga munosib bo‘lish sportchilarimizning salohiyatiga, murabbiy-mutaxassislarning texnik-taktik harakatiga bog‘liq bo‘lib qolmoqda.  

Qarorga asosan Osiyo va Paraosiyo o‘yinlarida oltin medalni qo‘lga kiritgan sportchilar 5 000 AQSH dollari miqdorida mukofotlansa, kumush va bronza medali sohiblari 3 ming va 2 ming AQSH dollari bilan, ularni tayyorlagan trenerlar 2500, 1500 hamda 1000 AQSH dollari bilan taqdirlanadi.  

Bundan tashqari, Osiyo va Paraosiyo o‘yinlarida g‘olib va sovrindor bo‘lgan O‘zbekiston sportchilarini tayyorlagan boshqa mutaxassislar 2 000,  1 000, 500 AQSH dollari miqdorida har bir medal uchun bir martalik pul mukofotlari bilan rag‘batlantirilishi nazarda tutilgan.  

Shuningdek, qarorga asosan "Xanchjou-2022" o‘yinlarida g‘olib va sovrindor sportchilar va ularni tayyorlagan trenerlar qo‘shimcha ravishda mahalliy byudjet mablag‘lari hisobidan quyidagi miqdorda bir martalik pul mukofotlari bilan rag‘batlantiriladi:  

a) Osiyo va Paraosiyo o‘yinlarida g‘olib va sovrindor bo‘lgan O‘zbekiston sportchilari:  

oltin medal uchun — bazaviy hisoblash miqdorining 300 baravari miqdorida;  

kumush medal uchun — bazaviy hisoblash miqdorining 200 baravari miqdorida;  

bronza medal uchun — bazaviy hisoblash miqdorining 100 baravari miqdorida rag‘batlantiriladi;  

b) Osiyo va Paraosiyo o‘yinlarida g‘olib va sovrindor bo‘lgan O‘zbekiston sportchilarini tayyorlagan trenerlar:  

oltin medal uchun — bazaviy hisoblash miqdorining 200 baravari miqdorida;  

kumush medal uchun — bazaviy hisoblash miqdorining 100 baravari miqdorida;  

bronza medal uchun — bazaviy hisoblash miqdorining 50 baravari miqdorida.  

Eslatib o‘tamiz, Xitoyda o‘tkaziladigan "Xanchjou-2022" Osiyo o‘yinlarida mamlakatimizning 400 nafardan ziyod sportchi yoshlari 39 ta sport turidagi bahslarda vatanimiz sharafini himoya qilishi kutilmoqda.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga