Huawei 1
O‘zbekistonda 2030 yilga qadar shamol energetikasi hajmini 5 000 MVtgacha rivojlantirish rejalashtirilmoqda - Energetika vazirligi

O‘zbekistonda ham Xalqaro moliya institutlari bilan hamkorlikda shamol energetikasidan keng foydalanish bo‘yicha sohada texnik-iqtisodiy  izlanishlar o‘tkazilib, “2020-2030 yillarda O‘zbekiston Respublikasini elektr energiyasi bilan ta’minlash Konsepsiyasi” ishlab chiqildi. 2030 yilga qadar respublikada 3 000 MVt quvvatli shamol elektr stansiyalarini qurish asosiy maqsadlardan biri etib belgilandi. Bu haqda Energetika vazirligi Matbuot xizmati xabar berdi.

Ta’kidlanishicha, O‘zbekistondagi SHESlarini qurish uchun aniqlangan yer maydonlaridagi shamol potensiali ko‘rsatkichlari jahonda mavjud shamol elektr stansiyalarining o‘rtacha ko‘rsatkichlaridan yuqori hisoblanadi. Ya’ni, quvvatdan foydalanish koeffisiyentlari taqqoslanganda, respublika ko‘rsatkichlari jahondagi o‘rtacha ko‘rsatkichlardan 1,5 baravar yuqoriligi aniqlangan. Misol uchun, bir yilda 8760 soat bo‘lsa, O‘zbekistonda barpo qilinadigan shamol elektr stansiyalari taxminan 3900 soat to‘liq quvvati bilan ishlashi mumkin.

Bugungi kunda O‘zbekistonda SHESlarni qurish bo‘yicha bir nechta loyihaga start berildi. Jumladan:

BAAning “Masdar” kompaniyasi tomonidan Navoiy viloyatining Tomdi tumanida qiymati 600 million AQSH dollari bo‘lgan 500 MVt quvvatli shamol elektr stansiyasini qurish bo‘yicha kelishuvlar imzolandi. Ushbu stansiya 2024 yilda to‘liq foydalanishga topshirilgach, yillik 1,8 milliard kVt⋅soat elektr energiyasi ishlab chiqaradi va 1 yilda 546 million kub metr tabiiy gaz tejaladi.

Saudiya Arabistonining “ACWA Power” kompaniyasi Buxoro viloyatining Gʻijduvon va Peshko‘ tumanlarida qiymati 1,3 milliard AQSH dollari bo‘lgan 1000 MVt quvvatli 2ta SHES qurishi bo‘yicha kelishuv imzolangan bo‘lib, ushbu stansiyalar 2023 yilda ishga tushirilgach, yillik 3,6 milliard kVt⋅soat elektr energiyasi yetkazib beriladi va yiliga 1,1 milliard kub metr tabiiy gaz tejalishini ta’minlaydi.

Qoraqalpog‘istonning Beruniy va Qorao‘zak tumanlarida qiymati 110 million AQSH dollari bo‘lgan 100 MVt quvvatli shamol elektr stansiyasini qurish bo‘yicha Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki bilan birgalikda tanlov o‘tkazildi. “ACWA Power” kompaniyasi 1 kVt⋅soat elektr energiyasi uchun 2,57 AQSH syenti tarif taklifi bilan tanlov g‘olibi bo‘ldi. Ushbu stansiya 2023 yilda ishga tushgach, yiliga 350 million kVt⋅soat elektr energiyasi ishlab chiqaradi va bir yilda 106 million kub metr tabiiy gazni tejaydi.

O‘rganishlar shuni ko‘rsatmoqdaki, Energetika vazirligi shamol energetikasini rivojlantirish konsepsiyasida belgilangan rejalarni muddatidan oldin bajarmoqda. Natijada, 2030 yilga qadar mamlakatdagi SHESlar umumiy quvvatini 5000 MVtga yetkazish kutilmoqda. Ularning katta qismini Qoraqalpog‘istonda barpo etish nazarda tutilmoqda.

SHES loyihalarini amalga oshirish davomida ularni yagona energetika tizimiga xavfsiz integratsiya qilish tadbirlari ham amalga oshirilmoqda.

Qayta tiklanuvchi energiya manbalari texnologiyalari jadal sur’atlar bilan rivojlanmoqda. Xususan, energiyani saqlash qurilmalari orasida samarali hisoblanuvchi litiy-ion batareyalarining narxi xalqaro miqyosda maqbul qiymatga tushib boryapti. Xalqaro tadqiqot markazlari kelgusi 5 yilda bu turdagi batareyalar narxi o‘rtacha 30 foizga arzonlashishini taxmin qilmoqda.

Buning natijasida O‘zbekistonda ham qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan olinadigan energiyani boshqarish, saqlash hamda yagona energetika tizimi barqarorligini ta’minlash imkoni paydo bo‘ladi.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 21202 | Инструменты