Toshkent shahrida Oʻzbekiston talabalar sporti Assotsiatsiyasining navbatdan tashqari konferensiyasi boʻlib oʻtdi. Konferensiyada Assotsiatsiya raisi etib Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vaziri Qoʻngʻirotboy Sharipov saylandi.
Oʻzbekiston talabalar sporti Assotsiatsiyasi 2018-yilda tashkil etilgan boʻlib, uning asosiy maqsadi — talabalar, oʻqituvchilar va oliygoh xodimlari oʻrtasida sportni ommalashtirish, yuksak mahoratli sportchilar zaxirasini shakllantirish va sport infratuzilmasini takomillashtirishdan iborat.
Soʻnggi yillarda Assotsiatsiya faoliyati doirasida oliy taʼlim muassasalarida 26 ta olimpiya sport turi boʻyicha 591 ta sport klubi hamda 21 ta sport turi boʻyicha 721 ta sport seksiyasi tashkil etildi.
Talabalar sport harakati yangi bosqichga koʻtarilib, “Universiada”, “Barkamol avlod” musobaqalari bilan bir qatorda, “Talabalar ligasi”, “Besh tashabbus olimpiadasi”, “Talaba yugur” va “Rektor kubogi” kabi ommaviy musobaqalar yoʻlga qoʻyildi.
Konferensiyada Assotsiatsiyaning kelgusidagi asosiy vazifalari belgilab olindi:
- barcha oliy taʼlim muassasalarida kamida 3 tadan sport klublari tashkil etish;
- musobaqalarni sport klublari tizimi asosida muvofiqlashtirish;
- Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrida Assotsiatsiyaning hududiy boʻlinmalarini tashkil etish;
- “Barkamol avlod”, “Universiada” va “Talabalar ligasi” musobaqalarini takomillashtirish;
- talabalar ishtirokidagi xalqaro musobaqalar soni va samaradorligini oshirish;
- talabalar sportini rivojlantirishga oid maxsus konsepsiya qabul qilish;
- mavjud sport zallari va maydonlarni zamonaviy jihozlar bilan taʼminlash;
- davlat-xususiy sheriklik asosida qurilayotgan yotoqxonalarda sport imkoniyatlarini yaratish.
Shuningdek, barcha taʼlim yoʻnalishlaridagi 1-bosqich talabalari uchun 4 kreditli “Jismoniy tarbiya” fani joriy etiladi. Sport klublari va toʻgaraklar faoliyatini boshqarish uchun yagona raqamli platforma va mobil ilova yaratiladi. Yagona elektron platforma orqali kalendar reja, reyting baholash tizimi joriy qilinib, “Hemis” dasturiga integratsiya qilinadi.
Oliy taʼlim muassasalarida namunaviy sport toʻgaraklari nizomi, dasturi va uslubiy qoʻllanmasi ishlab chiqiladi. Shuningdek, har bir toʻgarak rahbarini moddiy ragʻbatlantirish va talabalarga sport faolligi uchun imtiyozlar berish masalalari ham koʻrib chiqiladi.
Oʻzbekiston talabalar sporti Assotsiatsiyasi faoliyati yoshlar oʻrtasida sogʻlom turmush tarzini shakllantirish, sportni keng ommalashtirish va mamlakat sport salohiyatini yanada yuksaltirishga xizmat qiladi.
Alpha version: 0.9.1.19 build 42003 | Инструменты