Huawei 1
Oʻzbekiston harbiylari xalqaro musobaqada rekord natija bilan gʻolib boʻlishdi

Oʻzbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi terma jamoasi Pokiston Islom Respublikasi hududida oʻtkazilgan VIII Xalqaro “Jamoa ruhi” musobaqasida ishtirok etdi.

Musobaqada Oʻzbekiston razvedkachilari rekord natija bilan Vatanimiz bayrogʻini baland koʻtarishga muyassar boʻlib, shohsupaning eng yuqori pogʻonasidan joy oldi.

Musobaqa Pokiston Islom Respublikasi Qurolli Kuchlariga qarashli 22 armiya korpusining Terrorizmga qarshi kurashish milliy oʻquv markazi (Pabbi sh.) bazasida oʻtkazildi.

Unda jami 14 ta davlat – Oʻzbekiston, Bahrayn, Saudiya Arabistoni (4 ta jamoa), AQSH, Marokash, Xitoy, Iordaniya, Iroq, Turkiya, Maldiv orollari, Shri Lanka, Belarus Respublikasi, Qozogʻiston va Qatardan 17 ta xalqaro jamoa va Pokiston Islom Respublikasining 14 ta jamoasi bellashdi (umumiy 31 ta jamoa).

Musobaqa shartlariga koʻra, jamoalar 90 km (60 soat vaqt ichida)gacha boʻlgan marshrutning 7 ta nazorat nuqtasida azimut boʻyicha harakatlanib, unda taktik-maxsus, otish, tibbiy, aloqa, muhandislik tayyorgarligi, ommaviy qirgʻin qurollardan himoya va harbiy topografiyadan turli maxsus mashqlarni, shuningdek, kutilmagan testlarni yechish mashqini bajardilar.

Mamlakatimiz Mudofaa vazirligi terma jamoasi qurʼaga binoan birinchi nazorat nuqtasidan 17-boʻlib harakatlanishni boshlagan boʻlsa-da, har bitta nuqtada maxsus vazifalarni muvafaqqiyatli bajarib, marraga birinchi bо‘lib yetib kelidi (46 soat 44 daqiqa).

Bu orqali mamlakatimiz harbiy jamoasi oʻzining jipsligi va qoʻyilgan vazifalarni yuqori saviyada bajarishi bilan ajralib turdi.

Taʼkidlash lozimki, mamlakatimiz Mudofaa vazirligi terma jamoasi 34 daqiqa 15 soniyada 90 kg yaradorni tо‘liq anjom-aslahalar bilan evakuatsiya qilish (5 km masofaga yugurish) vazifasini bajarib, musobaqa rekordini о‘rnatdi.

Yakuniy natijalarga ko‘ra o‘rinlar quyidagicha:

1-oʻrin – Oʻzbekiston Respublikasi jamoasi (95% natija);
2-oʻrin – Xitoy jamoasi (74 % natija);
3-oʻrin – Bahrayn jamoasi (65 % natija).

Xalqaro musobaqaning yopilishiga bagʻishlangan tantanali marosimda Oʻzbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi jamoasi oltin medal bilan taqdirlandi.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 42006 | Инструменты