Huawei 2
5-may — Xalqaro doyalar kuni!

Doya — chaqaloq dunyoga kelgandan keyin uni onasidan ham avval qo‘lga oladigan inson. Shu boisdan azal-azaldan doyalar el orasida alohida ehtiromga sazovor bo‘lgan.

Ularning ana shunday mehnatlari e’zozlanib, har yili dunyo bo‘yicha 5-may sanasi Xalqaro doyalar kuni sifatida keng nishonladi.

So‘nggi yillarda tibbiyotimizning onalar va bolalar salomatligi yo‘nalishida bo‘lgan katta o‘zgarishlar qatorida doyalar faoliyatida ham qator yangiliklar kuzatildi.

Xususan, mamlakatimizdagi onalar va bolalar salomatligi muassasalarining yagona tizimga birlashgani ana shu o‘zgarishlarning debochasi bo‘ldi.

Shuningdek, 2024-yildan boshlab birlamchi davolash-profilaktika muassasalarida 8500 nafar patronaj doyasi faoliyat yuritayotgani birlamchi tizimdagi muhim voqea deya olamiz.

Ular homiladorlik aniqlangandan boshlab, ham ona, ham go‘dak salomatligining himoyachisi sifatida ayolning tibbiy tekshiruvlardan o‘tishi, tug‘uruq kompleksiga borishini nazoratga olib, chilla davrida 42 kun ularning sog‘ligini kuzatib boradi va shundan so‘ng patronaj hamshirasiga topshiradi.

Qolaversa, aholi orasida sog‘lom oila, sog‘lom homiladorlik va sog‘lom tug‘uruq targ‘ibotchisi bo‘lish ham patronaj doyalarining asosiy vazifasi etib belgilangan.

Ularning bilim va malakalarini oshirish maqsadida Prezidentimizning 2023-yil 8-sentyabrdagi tegishli qarori hamda 2023 yil 24-25-oktyabr kunlari davlatimiz rahbarining Qashqadaryo viloyatiga tashrifi davomida belgilab bergan topshiriqlari ijrosini ta’minlash yuzasidan mamlakatimizda ilk bor mazkur viloyatda jami 892 nafar tibbiy brigada doyasi “Sog‘lom oilani shakllantirish” mavzuida o‘qitildi.

Hozirda ushbu loyiha doirasida yurtimiz bo‘ylab tibbiy brigada doyalarini o‘qitish va malakasini oshirish ishlari davom etmoqda.

Tahsil yakunida sinov jarayonlaridan muvafaqiyatli o‘tgan doyalarga tegishli ixtisoslik bo‘yicha sertifikat taqdim etilyapti.

Kelgusida doyalar faoliyatini yanada takomillashtirish, onalar va bolalar salomatligini asrash jarayonida ularning ishtirokini kuchaytirish bo‘yicha ishlar davom ettiriladi.

Bundan ko‘zlargan maqsad – sog‘lom avlodni shakllantirish, shu orqali millat kelajagining bardavom bo‘lishini ta’minlashdir. Bu jarayonda esa tibbiyot tizimida mehnat qilib kelayotgan doyalarning alohida o‘rni borligi shubhasiz.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga