Huawei 1
AQSH Erondagi yadroviy obyektlarga zarba berdi

AQSH prezidenti Donald Tramp mamlakat aviatsiyasi Erondagi uchta yadroviy obyekt — Fordo, Natanz va Isfahonga hujum uyushtirdi. U o‘ziga tegishli Truth Social ijtimoiy tarmog‘ida yozishicha, Fordodagi asosiy obyektga «yuklangan barcha bombalar tashlangan».

«Biz Erondagi uchta yadroviy obyektga juda muvaffaqiyatli hujumimizni yakunladik», – deyiladi Amerika prezidenti postida.

Uning so‘zlariga ko‘ra, hozirda hujumda qatnashgan samolyotlarning barchasi Eron chegaralaridan tashqarida va AQSH bazalariga qaytmoqda.

«Barcha samolyotlar uyga qaytmoqda. Ajoyib amerikalik jangchilarimizni tabriklaymiz. Dunyodagi hech bir armiya bunday qila olmasdi. Endi tinchlik vaqti keldi!» – degan u.

Keyingi postida Tramp bu AQSH, Isroil va butun dunyo uchun tarixiy palla ekanini bildirgan. «Endi Eron urushni to‘xtatishga rozi bo‘lishi lozim», – deya qo‘shimcha qilgan u.

BBC News va CNN nashrlari eʼtibor qaratishicha, Tramp shunday so‘zlar yozilgan postni ham o‘z sahifasida bo‘lishgan: «Fordo endi mavjud emas» (Fordow is gone).

Axios maʼlumotiga ko‘ra, AQSH Eron bo‘ylab zarba berishga tayyorgarlik ko‘rilayotgani haqida Isroilni oldindan ogohlantirgan. Yuqori martabali isroillik mulozimlardan biri zarba berishda B-2 bombardimonchi samolyotlaridan foydalanilganini maʼlum qilgan. Bu maʼlumotni Reuters‘ga amerikalik mulozim ham tasdiqlagan. CNN manbalarga tayanib xabar berishicha, Tramp va Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyahu AQSH Eronga zarba berganidan keyin telefon orqali muloqot qilgan.

Fox News xabariga ko‘ra, AQSH harbiylari Fordodagi yadroviy obyektga bunkerga qarshi 6 ta bomba tashlagan, shuningdek, Isfahon va Natanzdagi obyektlar bo‘ylab Tomahawk rusumli 30 raketa raketa uchirgan.

Ko‘p o‘tmay Eron tomoni Fordo, Natanz va Isfahondagi obyektlarga hujum qilinganini tasdiqladi. Eron davlat televideniyesi siyosiy direktori o‘rinbosari Hasan Abediniy jonli efirda Eron «biroz oldin» ushbu uchta yadroviy obyektni evakuatsiya qilganini aytdi. Bu Tehronning AQSHning o‘z yadroviy obyektlarini bombardimon qilishiga birinchi rasmiy munosabati bo‘ldi. Abediniy Eron «jiddiy zarar ko‘rmagani, chunki materiallar allaqachon olib chiqib ketilgani»ni taʼkidlagan.

Tasnim axborot agentligi Qum viloyatidagi rasmiyga tayanib Fordo yadroviy majmuasining bir qismi hujumga uchragani haqida xabar berdi. «Bir necha soat avval Qumning havo mudofaasi ishga tushirilib, dushman nishonlari aniqlangach, Fordo yadroviy obyektining bir qismi dushman aviazarbalariga uchradi», – deya bayonot bergan Qum viloyati favqulodda vaziyatlar shtabi vakili. Isfaxon viloyati gubernatori o‘rinbosari Akbar Solihiy esa Natanz va Isfahonda «bir nechta portlash ovozlari eshitilgani, yadroviy obyektlar yaqinida hujumlar bo‘lgani»ni tasdiqlagan.

Tramp Eron yadroviy obyektlariga berilgan zarba Tehronni muzokaralarga qaytishga majbur qilishiga umid qilmoqda, shuning uchun u hozircha yangi hujumlarni rejalashtirmayapti, deb yozadi CNN manbalarga tayanib. Telekanal manbalariga ko‘ra, so‘nggi bir necha kun ichida AQSH prezidenti Eronning kuchli mustahkamlangan yadroviy obyektlarini yo‘q qilish uchun Amerika qo‘shinlarini qo‘llash zarurligiga tobora ko‘proq ishonch hosil qilgan. Uning fikricha, diplomatiya boshi berk ko‘chaga kirib qolgani aniq bo‘lgan bir paytda prezident shunday qarorga keldi.

Fordo uranni boyitish zavodi 2000-yillarda Islom inqilobi muhofizlari korpusi bazasida qurilgan. U Qum shahridan taxminan 20 kilometr shimoli-sharqda, tog‘ ichida taxminan 90 metr chuqurlikda joylashgan. 2025 yilda Eron Fordo majmuasining muqobilini – Natanzdagi o‘nlab metr chuqurlikdagi tog‘ ichidagi zavodni qurgani va tez orada ishga tushirishini maʼlum qilgandi. Obyektda sentrifugalar ishlab chiqariladi va katta ehtimol bilan, uranni yuqori darajagacha boyitish ishlari amalga oshiriladi. 13 iyun kuni boshlangan Isroil zarbalaridan bir kun oldin ham Eron Isfahonda yana bir sentrifuga maydonchasini ochishini maʼlum qilgandi.

Oq uydagilar 19 iyun kuni Tramp Qo‘shma Shtatlar Eron bo‘ylab zarbalar berishga qo‘shilish masalasida ikki hafta ichida bir qarorga kelishini maʼlum qilgandi.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 72704 | Инструменты