Huawei 1
AQSH Xitoyni Shimoliy Koreya "vahshiyliklarini" yashirishga urinayotganlikda aybladi

Xitoy Birlashgan Millatlar Tashkiloti Xavfsizlik Kengashining Shimoliy Koreyadagi inson huquqlari buzilishiga bag‘ishlangan norasmiy yig‘ilishini jonli efirga uzatishni taqiqlaganidan so‘ng, AQSH Pekinni KXDRdagi inson huquqlari buzilishini yashirishga urinayotganlikda aybladi.

“Xavfsizlik Kengashining ba’zi a’zolari rejim(Shimoliy Koreya hukumati)ni javobgarlikdan himoya qilishga qattiq urinmoqda”, — dedi AQSHning BMTdagi elchisi Linda Tomas-Grinfild.

Reuters maʼlumotlariga ko‘ra, xitoylik diplomatlar Xavfsizlik kengashidagi hamkasblariga maktub yo‘llab, ushbu mavzuni muhokama qilish “hech qanday foyda keltirmasligini” va Xitoy tomoni boshidan bu uchrashuvni o‘tkazishga qarshi bo‘lganini bildirgan.

Xitoy, shuningdek, inson huquqlari masalalarini BMT Xavfsizlik Kengashining barcha 15 a’zosi muhokama qilmasligi kerak, deb ta’kidlaydi. Unga ko‘ra, bunday uchrashuvlar BMTning boshqa organlari, masalan, Inson huquqlari tashkiloti kengashi yoki Bosh assambleya bilan cheklanishi kerak. “Jonli efir uchun BMT veb-televideniyasidan foydalanish resurslarni behuda sarflashdir”, — dedi xitoylik diplomat Хin Jisheng AQSH va Albaniya mezbonlik qilgan uchrashuvni sharhlar ekan.

Norasmiy yig‘ilishning veb-translyatsiyasini tashkil qilish uchun Xavfsizlik Kengashining barcha 15 ta vakili bunga rozi bo‘lishi kerak. Reuters xabariga ko‘ra, Xitoyning translyatsiyani to‘sib qo‘yish qaroriga qaramay, uchrashuv ommaga ochiq tarzda o‘tib, unda OAV vakillari ishtirok etgan. Shimoliy Koreya uchrashuvda ishtirok etmagan.

Pxenyan inson huquqlari buzilishi haqidagi ayblovlarni rad etib keladi va mamlakatdagi og‘ir gumanitar vaziyatda sanksiyalarni ayblaydi. Shimoliy Koreya 2006-yildan beri ballistik raketa va yadroviy dasturi tufayli BMT cheklovlari ostida.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 111617 | Инструменты