AQSh prezidenti Jo Bayden administratsiyasi yevropalik ittifoqchilarni Rossiyaning muzlatilgan 300 milliard dollarga yaqin aktivlarini musodara qilishga va ulardan Moskvaga bosim o‘tkazishda foydalanishga ko‘ndirish uchun so‘nggi sa’y-harakatlarini amalga oshirmoqda, deb xabar beradi CNN.
Telekanal ma’lumotlariga ko‘ra, Bayden prezidentligining so‘nggi kunlarida uning yordamchilari ittifoqchilarga muzlatilgan Rossiya aktivlarini maxsus hisobraqamga o‘tkazishni taklif qilgan. Moskva u yerdan o‘z mablag‘larini faqat Kiyev bilan tinchlik o‘rnatish bo‘yicha kelishuvga erishsagina qo‘lga kirita oladi.
Bayden administratsiyasi amaldorlari ushbu g‘oyani AQShning saylangan prezidenti Donald Tramp jamoasi bilan ham muhokama qilgan va ular buni qo‘llab-quvvatlagan.
O‘z navbatida Yevropa davlatlari mazkur taklifga shubha bilan qaramoqda, shu bois Tramp lavozimga kirishgunga qadar biror-bir bitim imzolanish ehtimoli juda kam. Saylangan prezidentning inauguratsiyasi 20 yanvar kuni bo‘lib o‘tadi. Yevropaliklar to‘g‘ridan-to‘g‘ri musodara xalqaro huquqlar buzilishiga olib kelishi mumkinligidan xavotirda ekanini bildirgan.
Bundan tashqari, Bayden ushbu g‘oyani Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy va Italiya yetakchilari bilan 9 yanvar kuni Rimda bo‘lib o‘tadigan uchrashuvda muhokama qilmoqchi bo‘lgan. Ammo u Kaliforniyadagi yong‘inlar sabab safarini bekor qilgandi. 10 yanvar kuni Bayden va Zelenskiy telefon orqali muloqot qilgan, biroq ular RFning muzlatilgan aktivlarini musodara qilishni muhokama qilgan yoki qilmagani noma’lum.
2022 yilda Ukrainaga qarshi keng ko‘lamli urush boshlanganidan keyin g‘arb davlatlari Rossiyaning 300 milliarddan ziyod suveren aktivlarini muzlatib qo‘ydi. Mablag‘larning katta qismi Yevropa depozitariylarida saqlanadi.
Ukrainaning g‘arbdagi ittifoqchilari urush boshlanganidan beri muzlatilgan Rossiya mablag‘larini musodara qilish va ularni Kiyevga yordam uchun yo‘naltirish imkoniyatini muhokama qilmoqda. 2024 yilda «Katta yettilik» davlatlari bilvosita musodara qilish mexanizmi bo‘yicha kelishib oldi: Ukraina Rossiyaning muzlatilgan aktivlaridan tushgan daromad evaziga 50 milliard dollar kredit olishni boshladi.
Alpha version: 0.9.1.19 build 11513 | Инструменты