Birlashgan Millatlar Tashkilotining Qochqinlar bo’yicha Oliy komissarligi boshqarmasi va hamkorlari Jenevada bo’lib o’tgan matbuot brifingida Afg’oniston uchun 2023-yilga mo’ljallangan 4,62 milliard dollarlik yordam ko’rsatish bo’yicha gumanitar murojaatni, shuningdek, qo’shni mamlakatlardagi qochqinlarni qabul qilayotgan oilalarni qo’llab-quvvatlashga 613 million dollarlik mintaqaviy rejani eʼlon qildi. Bu haqda BMT matbuot xizmati xabar bermoqda.
Unga ko’ra, 2023-yilda Eron, Pokiston, Tojikiston, Turkmaniston va O’zbekistonda yashovchi ko’chmanchi afg’onlarni qo’llab-quvvatlash uchun 613 million dollar ajratadi.
Ma’lum qilinishicha, bu mamlakatlarda 8,2 millionga yaqin afg’onlar istiqomat qiladi, ularning 2 milliondan ortig’i ro’yxatga olingan qochqinlar hisoblanadi. Ularning aksariyati o’n yillar davomida asosan Eron va Pokistonda yashab kelmoqda.
2021-yildan to hozirgacha ushbu davlatlarga 1,6 million nafar afg'onlar kelgan. Yordamga muhtojlarning 70 foizdan ortig’ini ayollar va bolalar tashkil etmoqda.
Shu bilan birga, BMT Afg’onistondagi insonparvarlik ehtiyojlarini qondirish uchun o'zining alohida rejasi ham ishga tushirilganini ma'lum qildi. Unga ko’ra, 2023-yilda 23,7 million afg’onlar uchun 4,62 milliard dollar ajratiladi.
Aytib o’tish lozimki, Afg’oniston ayni damda dunyodagi eng yirik va eng og’ir gumanitar inqirozlardan birini boshdan kechirmoqda. Ehtiyojlar ayollarga nisbatan yaqinda qo’yilgan cheklovlar, jumladan, nodavlat tashkilotlarda ishlashni taqiqlash bilan yanada kuchaymoqda.
Moliyaviy yordam ochlik, kasallik, to’yib ovqatlanmaslik va o’limning oldini olish uchun muhim bo’lib qolmoqda. 2022-yil uchun shunga o'xshash moliyalashtirish murojaatining atigi 52 foiz amalga oshirilgan, xususan, kerakli 623 million dollarning 321 million dollari olingan.
Alpha version: 0.9.1.19 build 42817 | Инструменты