BMT Inson huquqlari bo‘yicha Oliy komissari boshqarmasi ma’lum qilishicha, so‘nggi olti oy ichida Rossiya Ukrainada boshlagan urushda tinch aholi qurbonlari soni 37 foizga oshgan.
2024-yilning 1-dekabridan 2025-yilning 31-mayigacha Ukrainada Rossiya harbiy agressiyasi natijasida kamida 968 nafar tinch aholi halok bo‘ldi, 4807 nafari yaralandi. Birlashgan Millatlar Tashkilotining Inson huquqlari bo‘yicha Oliy komissari boshqarmasi (OHCHR) tomonidan 30-iyun, dushanba kuni taqdim etilgan hisobotga ko‘ra, bu ko‘rsatkichlar o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 37 foizga ko‘pdir. Hujjatda aytilishicha, tinch aholi qurbonlarining aksariyati Ukraina hukumati nazorati ostidagi hududlarda qayd etilgan.
Tinch aholining o‘limi va jarohatlanishiga “Rossiya Qurolli Kuchlarining front chizig‘i bo‘ylab keyingi hududlarni qo‘lga kiritish bo‘yicha olib borgan harbiy amaliyotlari, mamlakat bo‘ylab shahar hududlarida keng ta’sir radiusi bo‘lgan portlovchi qurollardan foydalanish hamda qisqa masofaga uchuvchi dronlardan foydalanishning ko‘payishi” sabab bo‘lgan. Hisobot davrida Rossiya harbiylari, BMT ma'lumotlariga ko'ra, kamida beshta kasalxonaga to'g'ridan-to'g'ri zarba bergan.
Harbiy asirlarni qiynoqqa solish va qatl etish
Hisobotda, shuningdek, Rossiya asirligidagi ukrainalik harbiy xizmatchilarga nisbatan “keng tarqalgan qonunbuzarliklar” haqida so‘z boradi. BMT OHCHR 2024-yil 1-dekabrdan 2025-yil 31-maygacha kamida 35 nafar ukrainalik harbiy asirning qatl etilgani haqidagi “ishonchli hisobotlarni” hujjatlashtirgan.
Yaqinda ozod etilgan ukrainalik harbiy asirlar BMT xodimlariga qiynoqlar va shafqatsiz muomalalar, shuningdek, qamoqxonalardagi dahshatli sharoitlar haqida gapirib berishdi. Ukraina asirligidagi rossiyalik harbiylar ham qiynoqlar va shafqatsiz munosabatdan shikoyat qilgan.
Alpha version: 0.9.1.19 build 72200 | Инструменты