Huawei 1
Braziliyada havo shari qulashi oqibatida sakkiz kishi halok bo‘ldi

Braziliyaning Praya Grande shahrida havo shari qulashi oqibatida kamida sakkiz kishi halok bo‘ldi, deb xabar berdi Santa-Katarina shtati gubernatori Jorjino Mello.

Shar savatida jami 21 kishi bo‘lgan. Ulardan 13 nafari, jumladan uchuvchi omon qolgan, bedarak yo‘qolganlar yo‘q, deb xabar berdi shtat hukumati matbuot xizmati.

Dastlabki maʼlumotlarga ko‘ra, yong‘in havo shari savatidagi yondirgich tufayli boshlangan. Hodisa sodir bo‘lgan vaqtda mintaqada havo ochiq edi.

Maʼlum qilinishicha, havo shari tibbiyot markazi yaqinida qulagan.

«Uchuvchining so‘zlariga ko‘ra, savat ichida yong‘in boshlangan, u apparatni favqulodda tushira boshlagan va shar yerga juda yaqin kelganda odamlarga sakrashni buyurgan», – dedi voqea joyiga yetib kelgan jurnalistlarga Praya-Grande politsiyasi zobiti Tiago Luis Lemos.

«Yo‘lovchilar sakrashni boshlagan, ammo baʼzilari bunga ulgurmagan. Alanga kuchayib, shar yana yuqoriga ko‘tarilib ketgan. Keyinroq u shokilasi yo‘qolgani sababli qulab tushgan», – deya qo‘shimcha qildi politsiya vakili.

Jabrlangan 13 kishi yaqin atrofdagi shifoxonalarga yetkazilgan.

Gubernator Mello o‘z ixtiyoridagi barcha resurslar jabrlanganlarga yordam berish va halok bo‘lganlarning oilalarini qo‘llab-quvvatlashga yo‘naltirilganini taʼkidlagan.

«Biz motamdamiz, sodir bo‘lgan voqea – fojia, – dedi u. – Nima uchun bunday bo‘lganini aniqlaymiz. Ammo hozir eng muhimi – odamlar va oilalarga yetib borish uchun qo‘limizdan kelganini qilish».

Braziliya prezidenti Luis Inasiu Lula da Silva X platformasida «qurbonlarning oilalari bilan birdamligi»ni bildirgan.

Uning ishontirishicha, federal hukumat har qanday yordam ko‘rsatish uchun mahalliy hokimiyat bilan yaqindan ishlamoqda.

Praya Grande Santa-Katarina shtatining janubida joylashgan bo‘lib, mashhur sayyohlik maskani hisoblanadi. Shahar havoda sayohatga oid ko‘ngilochar mashg‘ulotlari bilan mashhur.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 72617 | Инструменты