Finlyandiyaning g‘arbida Kokemaki shahridagi aerodromga yo‘l olgan ikkita fuqarolik vertolyoti to‘qnashib ketdi. Bu haqda “Yle” xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, bortlarda jami besh kishi bo‘lgan, bir vertolyotda ikki kishi, qolgan uch kishi esa boshqa vertolyotda bo‘lgan. Ularning barchasi voqea joyida halok bo‘lgan. Hozirda politsiya halok bo‘lganlarning shaxslarini aniqlash ustida ish olib bormoqda.
Manbalarga ko‘ra, ehtimol, halok bo‘lganlar orasida bir necha estoniyalik tadbirkorlar bo‘lishi mumkin.
Finlyandiya Mudofaa vazirligi voqeani harbiy texnika va harbiy ob’ektlar bilan bog‘lamasligini ta’kidlagan.
Qayd etilishicha, vertolyotlar Estoniyaning Tallin shahridan yo‘lga chiqqan. Qutqaruvchilar vertolyotlarni bir-biridan taxminan 100 metr uzoqlikda, o‘rmon hududida topgan.
Guvohlarning so‘zlariga ko‘ra, vertolyotlar bir-biriga juda yaqin uchib o‘tgach, birdaniga bir vertolyot keskin siljib, ikkinchisiga urilgan. Tez orada dahshatli shovqin eshitilib, bir vertolyot yerga qulab tushgan, ikkinchisi esa spiral shaklida pasayishni boshlagan.
Alpha version: 0.9.1.19 build 51823 | Инструменты